O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Navbatdagi sayyor o’quv yig’ini Surxondaryoda o’tkazilmoqda
2019-01-18 | Jamiyat
O’zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti tomonidan Jizzax viloyatida Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda barcha tuman va shahar ichki ishlar bo’limlari boshliqlari hamda ularning o’rinbosarlari uchun boshlangan sayyor o’quv yig’inlari, endilikda Surxondaryo viloyatida davom ettirilmoqda.
Mashg’ulotlar viloyatning Jarqo’rg’on tumanida joylashgan vazirlikning Surxondaryo Akademik litseyida soha xodimlarini xizmat faoliyatidan ajratmagan holda o’tkazilmoqda.
O’quv yig’iniga jalb qilingan rahbar xodimlarga ichki ishlar organlarida xizmatni to’g’ri tashkil qilishlari uchun tizimdagi islohotlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, jinoyatlarni oldini olish va fosh etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi muammolar va ularning echimlari yuzasidan tegishli tavsiyalar berib borilmoqda.
O’quv mashg’ulotlari Institut professor-o’qituvchilari hamda vazirlik sohaviy xizmatlarining tajribali mutaxassislari tomonidan “Modul” tizimiga asosan tashkil etilib, unda vaziyatlar tahlili, muammolar echimi va kamchiliklarni bartaraf etishga oid bilimlar innovatsion pedagogik texnologiyalar yordamida keng yoritilmoqda.
Xususan, “Keys-stadi”, “Aqliy hujum”, “Blits-so’rov” va boshqa zamonaviy interaktiv pedagogik metodlardan foydalanib, shahar va tumanlar kesimida ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog’liq ayrim masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning echimlari bo’yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Barcha o’quv mashg’ulotlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi xorijiy davlatlarning ilg’or tajribalari misolida ularni amaliyotga joriy etish usullari ham muhokama qilinmoqda.
Shu bilan birga, tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan profilaktika inspektorlarining faoliyatini takomillashtirish, aholining tinchligini ta’minlash, ularga uzluksiz xizmat ko’rsatish, shuningdek murojaatlarni o’z vaqtida va sifatli ko’rib chiqib, hal etish yuzasidan zarur amaliy tavsiyalar berildi. Bunda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish hamda jamoatchilik tashkilotlari bilan yaqindan hamkorligini to’g’ri va samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
O’quv jarayonida tinglovchilardan anketa so’rovnomasini o’tkazish asosida amaliyotdagi mavjud muammo va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar olinib, mahalliy ilg’or tajribalar o’rganildi hamda boshqa hududlarga ularni tatbiq etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasidagi Istiqbolli yosh kadrlar zahirasiga kiritilgan xodimlar bilan shaxsiy tarkibni boshqarish, rahbarlik qilish va tashkilotchilik qobiliyatlarini shakllantirish hamda ularning bilimlari, kasbiy mahoratlari va ko’nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o’quv mashg’ulotlari o’tkazildi.
Sayyor o’quv yig’ini yakuni bo’yicha ishtirok etgan viloyatning barcha tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbariyati hamda profilaktika (katta) inspektorlariga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshiriladi.