Joriy yil 1-yanvardan boshlab Toshkent viloyatida qariyb 1 ming 500ta korxona umumbelgilangan soliqlarni toʻlash tartibiga oʻtadi.
Bu haqda soliq tizimidagi islohotlarni sifatli bajarish, soliq toʻlovchilarga koʻmaklashish va ular bilan manzilli ishlarni amalga oshirish boʻyicha hududiy ishchi guruhning oʻquv seminarida maʼlum qilindi.
Toshkent tumanida boʻlib oʻtgan muloqotda viloyat prokuraturasi, davlat soliq, moliya, iqtisodiyot va statistika boshqarmalari rahbarlari, bank sohasi vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Amaliy mashgʻulotda Prezidentimizning 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida“gi farmoni asosida tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyozlar, 2019-yildan soliq qonunchiligiga tatbiq etiladigan yangiliklar mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Qayd etilganidek, hisobot yili yakunlariga koʻra, 1 milliard soʻm mahsulot aylanmasiga ega boʻlgan yoki ega boʻlishi kutilayotgan barcha xoʻjalik subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019-yil 1-yanvardan boshlab umumbelgilangan soliqlar toʻloviga oʻtishi belgilangan. Shunga muvofiq, joriy yil 1 yanvardan boshlab viloyatdagi 1 ming 491 korxona umumbelgilangan soliqlar toʻloviga oʻtadi.
Tadbirda qoʻshimcha qiymat soligʻini hisoblab chiqish va hisob-kitoblarni taqdim etish hamda byudjet bilan oʻzaro munosabatlar, kameral nazorat va soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish xususida ham atroflicha fikr almashildi.
– Har bir tuman va shaharda tadbirkorlar bilan soliq islohotlariga oid amaliy seminarlar oʻtkazilmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi mudiri Z.Qoʻldosheva. – Olib borilgan tushuntirish-targʻibot tadbirlari natijasida 400 ta korxona standart, 179 tasi soddalashtirilgan qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlash tizimiga oʻtishini maʼlum qildi. Shuningdek, 76 nafar yakka tartibdagi tadbirkor qaytadan davlat roʻyxatidan oʻtib, yagona soliq toʻlovchisiga aylandi.
Muloqotda tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi, zarur huquqiy maslahatlar berildi.
Xuddi shunday oʻquv seminarlari viloyatning barcha tuman va shaharlari, yirik korxonalarida oʻtkazilmoqda.
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA