Sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga eʼtibor kuchaytirildi. Hozirgi kunda sud majlislarida ishtirok etish istagini bildirgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari xodimlari alohida xonada yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-sayti orqali sud majlisini toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn tarzda kuzatib borish imkoniyatiga ega.
Xorazm viloyatining jinoyat, maʼmuriy va fuqarolik ishlari boʻyicha oltita sudi zamonaviy audio-video uskunalari va boshqa jihozlar bilan taʼminlanib, sud majlislari onlayn-translyatsiya rejimida olib borilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani sudining raisi Oybek Mahmudovning aytishicha, 2018 yilning sentyabr-noyabr oylari davomida oʻndan ortiq jinoyat ishi onlayn-translatsiya qilingan. Koʻrilgan jinoyat ishlari asosan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, firibgarlik, oʻgʻirlik, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab, ularni qonunga xilof ravishda sotish hamda bezorilik bilan bogʻliq sodir qilingan jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlgan.
Ayni paytda bu kabi sud jarayonlari boshqa sudlarda ham davom etmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, sudlar faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash bilan birga fuqarolarning vaqti hamda mablagʻini tejashga xizmat qilmoqda.
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA