Xalqaro tennis federatsiyasi – ITF tomonidan Singapur va Hindistonda xotin-qizlar oʻrtasida tennis boʻyicha xalqaro turnir oʻtkazilmoqda.
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sabina Sharipova Singapurda oʻtayotgan turnirning yakkalik va juftlik bahslarini muvaffaqiyatli boshladi. Sabina yakkalik bahslarida xitoylik Kay Lin Jangni 6:3, 6:4 hisobida magʻlub etdi va ikkinchi davrada bolgariyalik Elitsa Kostovaga qarshi kortga chiqadigan boʻldi.
Musobaqaning juftlik bahslarida esa S.Sharipova hindistonlik Ankita Raina bilan belgiyalik Kimberil Simmerman va Grit Minnenga qarshi kortga chiqdi. Uchrashuvda hisob 4:4 boʻlib turgan bir vaziyatda Kimberil va Grit oʻyinni davom ettirmasligini eʼlon qildi va magʻlubiyatni tan oldi.
Isteʼdodli tennischimiz Sevil Yoʻldosheva esa Hindistonda oʻsmirlar oʻrtasida oʻtayotgan musobaqaning yakkalik bahslarida ikkinchi davraga chiqdi. Sevil dastlabki bosqichda mezbonlar vakili Archita Mahalvalni 6:7, 6:1, 6:1 hisobida yengdi. Endi tennischimiz chorak final yoʻllanmasi uchun italiyalik Federika Sakkoni bilan bellashadi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA