O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turkiya OTMlari bilan hamkorlikni rivojlantiradi
2019-01-16 | Ta’lim
Yaqin vaqt ichida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida turk tilini oʻqitish uchun turkiyalik professorlar jalb qilinadi.
2019-yilning 14-yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisining taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi Ali Eyyupkoja, Kavkaz universitetlari assotsiatsiyasi Prezidenti professor Ramazan Korkmaz va “Tümosan Azia” kompaniyasi vakili Mithat Kara bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Turkiyaning oliy taʼlim muassasalari hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ayni paytda institutda 240 nafar yaqin talaba turk tilini xorijiy til sifatida oʻrganmoqda, ularga Turkiy tillar kafedrasining 19 nafar fan nomzodi va 4 nafar fan doktori tahsil berib kelmoqda. Hozirda institutda Turkiyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan qoʻshma kafedralar ochish borasida muzokaralar olib borilmoqda.
Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisining taʼlim masalalari boʻyicha maslahatchisi A.Eyyupkoja Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari qatorida yaqin vaqtda Sharqshunoslik institutiga ham turk tili boʻyicha professorning joʻnatilishi haqida aytib, ikki mamlakatning taʼlim sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Maʼlumot uchun, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti xorijiy universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda rivojlantirish maqsadida 60 dan ortiq xorijiy OTMlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.