O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda
2019-01-16 | Jamiyat
Joriy yilning 15-yanvar kuni Xalqaro islom akademiyasida Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ijrosining borishi yuzasidan monitoring oʻtkazuvchi ishchi guruhi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining hamkorlikdagi yigʻilishi oʻtkazildi.
Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga davlat siyosatining va xalqaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi. Mamlakatimizdagi siyosiy tuzum zamonaviy demokratiyaning barcha mezonlariga toʻliq javob beradi.
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi demokratik islohotlar, shuningdek, inson huquq va erkinligi, qonuniy manfaatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Parlamentning inson huquqlariga rioya etilishini taʼminlash ustidan parlament nazoratini amalga oshirishdagi roli tubdan oʻzgardi. Inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha milliy harakat rejalarini (“yoʻl xaritalari”ni) parlament palatalari tomonidan tasdiqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
BMTning Din yoki eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi A.Shaxidning Oʻzbekistonga tashrifi (2017-yil 2-12-oktabr) yakunlari boʻyicha tavsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2018-yil 4-mayda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining qoʻshma qarori bilan Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Shuningdek, “Yoʻl xaritasi” ijrosining borishi yuzasidan monitoring oʻtkazuvchi ishchi guruhi shakllantirildi.
Yigʻilishda deputatlar, senatorlar, vazirlik, idora, taʼlim muassasalarining rahbarlari, diniy tashkilotlar, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi – Ishchi guruh rahbari A.Saidov kirish soʻzida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususida toʻxtalib oʻtdi hamda 2017-2018-yillarda vijdon va eʼtiqod erkinligi borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi” 52 ta tadbirni oʻz ichiga olgan boʻlib, ular asosan BMTning Din yoki eʼtiqod erkinligi masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi A.Shaxidning tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgandir.
Mazkur tavsiyalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston delegatsiyasi (2018-yilning iyul oyida Vashingtonda) AQSH Davlat departamenti tomonidan tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil sentyabrdagi 72-sessiyasidagi tashabbusiga asosan, 2018-yil 12-dekabrda BMTning “Diniy maʼrifat va diniy bagʻrikenglik haqida”gi Rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Natijada, AQSH Davlat departamenti diniy erkinlik sohasida “alohida tashvishlantiruvchi” mamlakatlar roʻyxatidan Oʻzbekistonni chiqardi.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlar boʻyicha qoʻmita masʼullarining maʼlum qilishicha, “Yoʻl xaritasi” doirasida bir qator tadbirlar oʻtkazilgan. Jumladan, Konfessiya ishlari boʻyicha Kengash toʻgʻrisida nizom tasdiqlangan. Joylarda noislomiy diniy tashkilot vakillari bilan uchrashuvlar uyushtirilgan, 16-noyabr “Xalqaro bagʻrikenglik” kuni munosabati bilan tadbirlar oʻtkazilgan, “Dunyoviy davlat va diniy xilma-xillik” mavzularida 18 dan ortiq tok-shou, munosabat va boshqa dasturlar efirga uzatilgan.
Shundan soʻng, Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi haqida masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti eshitildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi maʼlumotiga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi qarori qabul qilingan boʻlib, ushbu qaror bilan diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun olinadigan davlat bojining miqdori 5 baravarga qisqartirilgan, diniy tashkilotlarning roʻyxatga oluvchi organlarga faqatgina bir yilda bir marotaba hisobot berishi tartibi belgilangan.
Bundan tashqari, Hukumatning yuqoridagi qarori bilan roʻyxatga oluvchi organning diniy tashkilotni tugatish boʻyicha vakolati chiqarib tashlangan.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi tayyorlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mutasaddisi Xalqaro diniy erkinlikning muhim masalalari boʻyicha Elchi S.Braunbek rahbarligidagi AQSH delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida 2018-yil sentabrda oʻtkazilgan “Diniy bagʻrikenglik: Oʻzbekiston va AQSH tajribasi” mavzusidagi davra suhbatining roli va ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi diniy taʼlim masalasida Norvegiya, Daniya, Niderlandiya, Italiya, Finlyandiya, Gretsiya, Belgiya va AQSH tajribasini oʻrganib chiqqan. Bundan tashqari, vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida olib borilayotgan davlat siyosati masalalarini tushuntirib beruvchi bosma va video-mahsulotlarni tayyorlash borasida ishlar olib borilgan. Xususan, 11-sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan Dunyo dinlari tarixi darsligi tayyorlangan.
Shuningdek, bugungi kunda keng auditoriya uchun “Iqror”, “Manmanlikning soʻnggi bekati” va “Tafakkur ehtiyoji” nomli video mahsulotlar tayyorlangan.
Xalqaro islom akademiyasi rektori Sh.Yovqochev oʻz chiqishida oʻtgan davr mobaynida diniy erkinlik mavzusidagi tadqiqotlar sohasida bir qator ishlar amalga oshirilganini, “Maktablarda diniy taʼlim: Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar misolida” nomli kitob tayyorlanayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Yunusova Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirishda Oʻzbekiston parlamentining YEXHTning DIIH Byurosi bilan hamkorligi, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini muhokama qilish masalalariga toʻxtaldi.
Yigʻilishda Din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash yuzasidan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi doirasida boshqa masalalar ham muhokama etildi.
Jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.
Yigʻilish yakuni boʻyicha Ishchi guruhning tegishli qarori qabul qilindi.