O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahridagi maktablardan biriga nemis shoiri va mutafakkiri Gyote nomi berildi
2019-01-15 | Ta’lim
Toshkent shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda oʻqitish boʻyicha 60-sonli ixtisoslashgan maktabga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi berildi.
60-sonli ixtisoslashgan maktabiga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi berilishiga bagʻishlangan tantanali marosim 2019 yilning 15 yanvar kuni boʻlib oʻtdi.
Marosimda Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Kristofer Fuks, Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Taʼkidlash kerakki, Toshkent shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda oʻqitish boʻyicha 60-sonli ixtisoslashgan maktabiga nemis shoiri va mutafakkiri Iogann Volfgang fon Gyote nomi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida berildi.
Germaniya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim hamkorlaridan biri. Shu boisdan ham ikki mamlakat orasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.
2017-2018 oʻquv yiliga nisbatan 2018-2019 oʻquv yilida nemis tili oʻqitiladigan maktablar soni 54 taga (jami 1677 maktab), nemis tilini chuqurlashtirgan holda oʻqitish boʻyicha ixtisoslashgan maktablar soni 4 tadan 9 taga oshdi. Nemis tili oʻquvchi sinflar soni 14081 dan 14 525 taga (farq 444), nemis tilini oʻrganayotgan oʻquvchilar soni 340 560 dan 355064 nafarga koʻpaydi (farq 14504).
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 1677 maktabda (2017-2018 oʻquv yiliga nisbatan 54 maktab koʻp) 355 mingdan ziyod oʻquvchilar nemis tilini oʻrganmoqda. Oʻrta taʼlim maktablarida 3 ming nafar nemis tili oʻqituvchilari faoliyat yuritmoqda. Toʻqqiz maktabda nemis tili chuqurlashtirgan holda oʻqitiladi.
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi Gyote Institutining Toshkent filiali va Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi bilan “Maktablar: kelajak hamkorlari” loyihasi doirasida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida nemis tilini oʻqitishni rivojlantirish va takomillashtirish uchun hamkorlik qilmoqda.
Hozirgi kunda Gyote instituti olti maktabga (Toshkent shahrida 112-sonli, Urganch shahridagi 19-sonli, Xiva shahridagi 9-sonli, Buxoro shahridagi 4-sonli va Andijon shahridagi 23- va 4–sonli maktablar) nemis tilini chuqur oʻrganishda yoki ularni fan sifatida joriy etishda koʻmak bermoqda.
Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi va olti umumiy oʻrta taʼlim (Toshkent shahrida 60- va 107-sonli, Samarqand shahridagi 51-sonli, Buxoro shahridagi 4-sonli va Margʻilon shahridagi 6-sonli va Fargʻona shahridagi 10–sonli) maktablar oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan.
Germaniyalik hamkorlar maktablarda nemis tilini oʻqitish va oʻqituvchilarning malakasini oshirish uchun qoʻl keladigan zamonaviy multimedia oʻquv qoʻllanmalari va texnik tomondan koʻmak berib kelmoqda.
2018 yil davomida Germaniyada tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida 17 nafar oʻqituvchi ishtirok etdi. Hozirda ular nemis tilini oʻqitish boʻyicha maktablarda pedagogik faoliyat yuritmoqda.
Har yili hamkor maktablarning nemis tili oʻqituvchilari uchun turli seminar va treninglar tashkil etilmoqda. Hamkor maktablarning nemis tili oʻqituvchilari Germaniyada malaka oshirish kurslari va seminarlarda ishtirok etish uchun stipendiyalar olmoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Buxoro shahridagi nemis tilini chuqurlashtirgan holda oʻqitishga ixtisoslashgan umumtaʼlim maktablariga I.V.Gyote, Y.Shiller i V.Fon Gumbolt nomlari beriladi.
“Shubhasiz, bu tashabbus Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida madaniy va gumanitar sohasida aloqalarni mustahkamlashga va Oʻzbekistonda nemis tilini ommaviylashtirishga qaratilgan”, - dedi vazir.