O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bayram oldidan yangi uylar topshirildi
2019-01-15 | Jamiyat
Joriy yilning 14-yanvar kuni huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari oilalari uchun Termiz shahridagi Islom Karimov nomli koʻchada bunyod etilgan koʻp qavatli turar joy binolari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Respublika Mudofaa vazirligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, soha xodimlari va ularning oila aʼzolari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda soʻzga chiqqanlar huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlarining oila aʼzolari uchun yaratilayotgan bunday qulayliklar ularning jangovar va intellektual tayyorgarlikda erishayotgan muvaffaqiyatlarida muhim omil boʻlayotganini taʼkidlashib, ularga yangi uylarning kalitini topshirdilar.
Darhaqiqat, jami 28,5 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga har biri 5 qavatli, 30 xonadonli 7 ta zamonaviy uy-joylar oilalarining farovon hayot kechirishi uchun barcha zarur sharoitlar bilan taʼminlangan. Hovlidagi sport maydonchalari bolajonlarning quvnoq qiy-chuvlari bilan toʻlganidan uy bekalari nihoyatda mamnun.
Mehmonlar yangi uylarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdilar. Sanʼatkorlar va yosh ijrochilarning dilbar kuy-qoʻshiqlari tadbirga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.