O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vatan himoyachilari kuni sharafiga
2019-01-15 | Jamiyat
Aloqa tarixi muzeyida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti hamda “Oʻzbektelekom” AK bilan hamkorlikda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligiga bagʻishlangan harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.
Tadbir Oʻzbekiston mintaqalari bilan videokonferensaloqa seansi sifatida tashkil etildi.
Tadbirda TATU prorektori, Maxsus fakultet boshligʻi H.Muhitdinov va “Oʻzbektelekom” AK istiqbolli rivojlanish va innovatsiyalar boʻyicha direktori vazifasini bajaruvchi J.Maxsudov soʻzga chiqdilar. Barchani 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami bilan muborakbod etdilar. Bu bayram millionlab yurtdoshlarimiz uchun Vatanga jasorat, mardlik, vatanparvarlik va fidokorlik ramzi ekanini taʼkidlab oʻtdilar.
TATU maxsus fakulteti boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Y.Xolikov milliy armiyamiz tarixi, olib borilayotgan islohotlar natijalari, Qurolli Kuchlarimizning mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishdagi salohiyati, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va munosib insonni shakllantirishda armiyaning roli haqida soʻzlab berdi.
Harbiy xizmat – bu mardlik, jasurlik, fidoiylik, jasorat va sadoqat maktabi ekanligi misollarda koʻrsatildi.
Yigʻilishda TATU maxsus fakulteti kursantlari orasidan harbiy xizmatchilar, mintaqaviy videokonferensaloqa studiyalarida harbiy xizmatchilarning ota-onalari, shuningdek, “Oʻzbektelekom” AK xodimlari ishtirok etdilar.
Aloqa tarixi muzeyi foyesida zamonaviy harbiy aloqa vositalari va harbiy qurol uskunalari koʻrgazmasi tashkil etildi. Yigʻilganlarga faxriy qorovul rotalari va maxsus otryadi chiqishlari namoyish etildi.