O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
60 ta xonadon harbiy xizmatchi oilalariga topshirildi
2019-01-15 | Jamiyat
Jizzax viloyatida Vatan himoyachilari kuni hamda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari oʻtkazildi.
Jizzax shahridagi Xotira xiyobonida harbiy qismlarning tantanali saf namoyishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, nuroniylar, yoshlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugi tarkibidagi harbiy qismlar, alohida otliq kavaleriya qismlari harbiy orkestr sadolari ostida safda oʻtib, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari jangovar salohiyatini namoyish etdi.
Bayram tadbirlari Jizzax shahri Ittifoq mahallasida qoʻshaloq bayramga aylandi. Bu yerda yangi qurib bitkazilgan 5 qavatli zamonaviy uyning 60 xonadoniga harbiy xizmatchilar va xizmat burchini oʻtash chogʻida halok boʻlganlarning oilalari koʻchib oʻtdi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda ishtirok etgan Jizzax harbiy garnizoni, Markaziy harbiy okrug, hokimiyat va qurilish tashkiloti vakillari, keng jamoatchilik xonadonlar sohiblarini Vatan himoyachilari kuni va yangi uy bilan qutladi.
– Vatan himoyachilari kunida yangi uyga koʻchib oʻtganimizdan behad xursandmiz, – deydi kapitan Shuhrat Usanov. – Uch xonali zamonaviy jihozlangan uyda oilamiz uchun barcha qulaylik bor. Bu gʻamxoʻrlik va ragʻbatga sodiq xizmat qilish bilan javob qaytaramiz.
Tadbirlarda Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev soʻzga chiqdi.
Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat),OʻzA