O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pokistonda Vatan himoyachilari kuni nishonlandi
2019-01-15 | Jamiyat
2019-yilning 14-yanvar kuni Pokiston tomonining tashabbusi bilan Pokiston Islom Respublikasi Qurolli kuchlari Qoʻshma shtabida ularning amaliyotida va ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk marotaba Oʻzbekistonning davlat bayrami – Vatan himoyachilari kuni nishonlandi.
Tadbir yuqori darajada tashkil etildi. Oʻzbekistonning Qurolli kuchlari va Pokistondagi Elchixonasi delegatsiyasi sharafiga harbiy orkestr bilan faxriy qorovul saf tortdi.
Pokiston tomoni harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzaro munosabatlarining rivojlanishi, shuningdek, mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining zamonaviy tayyorgarligi boʻyicha batafsil video rolik taqdim etdi.
Tadbir doirasida Pokiston Qurolli Kuchlarining Qoʻshma Shtabi tomonidan shtab shaxsiy tarkibi ishtirokida rasmiy qabul marosimi oʻtkazildi.
Suhbat chogʻida ikki qardosh xalqlar oʻrtasida harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlanishi uchun bugungi kunda yangi imkoniyatlar ochilayotganligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Elchixonasi Oʻzbekiston davlat bayrami – Vatan himoyachilari kuniga hurmat koʻrsatilganligi uchun Qurolli Kuchlar Qoʻshma Shtabi rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi. Tadbir Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilganligining yorqin ramzi boʻldi va tomonlarning doʻstlik asosida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.