Berlinda 14-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi oldidan Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda ikki mamlakatning savdo, investitsiya, bank-moliya, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi, konsalting, logistika, tekstil, oziq-ovqat, kimyo, togʻ-kon sanoati, xizmat koʻrsatish kabi sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Unda 200 dan ziyod nemis kompaniyalari, iqtisodiyotning turli sektorlari vakillari qatnashdi. “Deutsche Bank“, “Commerzbank“, “Claas“, “Lufthansa“, “Knauf Group“, “Siemens“, “MAN“ kabi yirik bank-moliya institutlari, korporatsiya va konsernlar shular jumlasidan.
Qayd etish joiz, bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorij kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni muntazam ortib bormoqda. Xususan, Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Mamlakatimizda 130 dan ortiq germaniyalik ishbilarmonlar ishtirokidagi kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bular orasida Germaniyaning “MAN“, “Claas“, “Lemken“, “Knauf“ kabi oʻz sohasida yetakchi boʻlgan ishlab chiqaruvchilari faoliyati eʼtiborga molik.
Bu kabi hamkorlik natijasida 2018 yilda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi savdo aylanmasi 770 million AQSH dollaridan ortdi. Bu 2017 yil bilan solishtirganda 24,5 foizga koʻpdir. Birgina oziq-ovqat mahsulotlari eksportida oʻtgan yili 44,6 foiz oʻsish surʼati qayd etilgan. Germaniyadan mamlakatimizga asosan turli texnikalar import qilinadi.
Biznes-forum shoʻba majlislari tarzida davom etdi. Unda mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati, sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar, Oʻzbekiston bozorida xorijiy mahsulotlarga boʻlgan talab va taklif boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi.
Biznes anjuman doirasida tashkil etilgan B2B shaklidagi muloqotda ishtirokchilar turli sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan Germaniya Federativ Respublikasi Savdo-sanoat assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik haqida bitim imzolandi. Hujjat ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish, hamda palatalar tizimida turli tajriba almashinuvlarini yoʻlga qoʻyishni koʻzda tutadi.
Forum yakunlari boʻyicha investitsion-texnologik, bank-moliya sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi.