O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda birinchi vazirlar uchrashuvi yakunlandi
2019-01-14 | Siyosat
2019-yilning 12-13-yanvar kunlari Samarqand shahrida Afgʻoniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Samarqand Forumlar saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaradj raislik qildilar.
Yalpi sessiyada Qirgʻiziston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari Chingiz Aydarbekov, Beybut Atamqulov, Sirodjiddin Muhriddin, Rashid Meredov ikki va koʻp tomonlama shakllarda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli masalalarni muhokama qildilar.
Tadbirda oʻzaro savdo oʻsishiga koʻmaklashish choralari, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga sarmoya, innovatsiya, texnologiyalarni jalb qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish, turistik safarlarni oshirish, shuningdek, ilm-fan, tibbiyot, taʼlim va sport sohalarida muayyan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Delegatsiyalar rahbarlari nutqlarida BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini inobatga olgan holda yoshlarga oid qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga asosiy eʼtibor qaratildi.
Muloqotning alohida yalpi sessiyasida Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salahiddin Rabboniy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
“Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining tashqi ishlar vazirlari Afgʻonistonning nufuzli delegatsiyasi ishtirokini maʼqulladilar hamda mamlakatni mintaqa va jahon iqtisodiy aloqalari tizimiga jalb etishga xizmat qiladigan qoʻshma infratuzilma, tranzit-transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish orqali Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam berishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.
2019-yilning ikkinchi yarmida Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Afgʻoniston boʻyicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (RECCA VIII) oʻtkazishga tayyorgarlik doirasida hamkorlik qilishga tomonlar hozir ekanliklari tasdiqlandi.
Delegatsiyalar rahbarlari Muloqot ishtirokchi davlatlari ishbilarmon doiralari oʻrtasida bevosita aloqalarni faollashtirish, madaniy tadbirlar, Afgʻoniston bilan taʼlim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga ulkan salohiyat mavjudligida eʼtibor qaratdilar, xalqaro yoshlar forumlari, festivallar, tanlovlar, ilmiy anjumanlar, koʻrgazmalar va boshqa qoʻshma tadbirlarda Afgʻoniston tomonining ishtirok etishiga koʻmaklashish istagini izhor etdilar.
Taʼsis Sammiti yakunlariga koʻra Qoʻshma bayonot qabul qilinib, unda tashqi ishlar vazirlari darajasida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti joriy etilganligi toʻgʻrisida maʼlum qilindi.
Umuman olganda, vazirlar uchrashuvi yakunlari Muloqot doirasida koʻp qirrali, oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirishga umumiy qarashlar va yondashuvlar mavjudligidan dalolat beradi. Tashqi ishlar vazirlari darajasida muntazam ravishda Muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan Vazir Sushma Svaradjning navbatdagi vazirlar uchrashuvini 2020-yili Hindistonda oʻtkazish taklifi maʼqullandi.
Uchrashuv ishtirokchilari nutqlarida asrlar davomida Markaziy Osiyoning Hindiston yarim oroli bilan keng qamrovli siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligida faol rol oʻynagan qadimiy Samarqandda Muloqotning birinchi uchrashuvini oʻtkazilishida chuqur ramziy maʼno mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunidan soʻng Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaradj mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari qarshisida soʻzga chiqdilar.