O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2019-01-14 | Siyosat
2019-yilning 12-yanvar kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun bugun kelgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida tashqi siyosat idoralari rahbarlari taʼkidlaganidek, ikki mamlakat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sherikligi yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va oʻzaro anglashuv ruhida jadal va samarali rivojlanmoqda.
Turkmaniston Prezidentining 2018-yil 23-24-aprel kunlari Oʻzbekistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Vazirlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, tovar aylanmasining jadal oʻsib borayotganini taʼkidladilar. Savdo hajmi oʻtgan yilning yanvar-noyabr oylarida 2017-yilning shu davriga nisbatan 53 foizga oshdi.
Uchrashuvda ikki davlat bozorlarida tovar ishlab chiqaruvchilar uchun oʻzaro qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlararo hamkorlikni faollashtirish, mintaqada tranzit va transport koridorlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Shuningdek, turizmni rivojlantirish, Oʻzbekiston va Turkmanistonda qoʻshma tadbirlarni tashkil etish orqali madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Vazirlar Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining boʻlajak maslahatlashuv uchrashuvini muvaffaqiyatli oʻtkazishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar.
Uchrashuvda Turkmaniston Elchisi Yazguly Mammedov ishtirok etdi.