O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Stomatologiya sohasida joriy yilda 50 dan ortiq talaba va 20 dan ziyod professor-oʻqituvchilar xorijda malaka oshirdi
2019-01-11 | Sog‘liqni saqlash
Toshkent davlat stomatologiya institutida “Tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish masalalariga innovatsion yondashuv” mavzuida oʻquv-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Unda mamlakatimiz va xorijiy oliy taʼlim muassasalari professorlari, malaka oshirish, ilmiy tekshirish institutlari xodimlari, tibbiyot kollejlari oʻqituvchilari, Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Qisqa davr mobaynida aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Tez tibbiy yordam koʻrsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi, aholiga qulaylik yaratish maqsadida joylarda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam koʻrsatuvchi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmogʻi barpo etildi.
Mutaxassislar maʼlumotiga koʻra, Toshkent davlat stomatologiya instituti ayni paytda xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy taʼlim muassasalari va kompaniyalari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandum imzolagan. 2018-yil davomida 50 dan ortiq talaba va 20 dan ziyod professor-oʻqituvchilar xorijda malaka oshirdi. Ushbu hamkorlik dasturlari natijasida 2018/2019 oʻquv yilidan Italiyaning Turin universiteti bilan “Biotibbiy muhandislik” va Moskva davlat tibbiyot stomatologiya universiteti bilan hamkorlikda “Stomatologiya” fakultetlari tashkil etildi. 2018-yil dekabr oyida Toshkent davlat stomatologiya instituti delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi doirasida Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik dasturiga asosan tashkil etilayotgan “klinik-psixologiya” yoʻnalishidagi yangi fakultetga 2019/2020 oʻquv yilidan talabalar qabul qilinadi.
– Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sohada amalga oshirilishi muhim boʻlgan, yillar davomida toʻplanib qolgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori H.Oqilov. – Mazkur anjuman ham aynan sogʻliqni saqlash tizimini innovatsion yondashuv orqali rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Anjumanda tibbiyot sohasini innovatsion yondashuv orqali rivojlantirish borasidagi xalqaro tajriba ham oʻrganildi. Xorijiy mutaxassislarning maʼruzalari tinglandi.
Tadbir kun davomida seksiyalarga boʻlingan tarzda davom etdi. Ishtirokchilarning maʼruzalari, bildirilgan fikr-mulohazalar toʻplam holida chop etiladi.