O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

429 ta murojaat koʻrib chiqildi

2019-01-11 | Jamiyat

Joriy yil 10-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan 2018-yil yakunlari va 2019-yilgi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat bojxona qoʻmitasi masʼul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi hamda Qonunchilik palatasining ish rejalarida belgilangan vazifa va topshiriqlarni bajarish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, qonun ijodkorligi sohasida qoʻmita masʼulligida jami 18 ta qonun loyihasikoʻrib chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga taqdim etildi. Bu 2017-yilga nisbatan 3 barobar koʻpdir. “Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi, “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Qoʻmita tomonidan jami 10 ta parlament nazorati tadbiri amalga oshirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Mudofaa doktrinasini oʻz vaqtida va samarali ijro etish boʻyicha tizimda amalga oshirilayotgan ishlarning holati axborotlari har chorakda qoʻmitada eshitib borildi. Eshituvlar natijasida harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini va harbiy infratuzilmani yanada rivojlantirish, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan zarur choralar koʻrildi.

Fuqaro murojaatlari bilan ishlash eng ustuvor vazifalardan biri ekani inobatga olinib, hisobot davrida qoʻmitaga fuqarolardan kelib tushgan 429 ta murojaat koʻrib chiqilib, ularning koʻp qismini mutasaddi idoralar ishtirokida ijobiy hal etilishiga koʻmaklashildi.

Qoʻmita masʼulligida dolzarb qonun loyihalarining muhokamalari, shuningdek, qoʻmitaning nazorat faoliyati yakunlariga bagʻishlangan 128 ta tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda yangi tahrirda qabul qilingan Mudofaa doktrinasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ekstremizmga qarshi kurashishning qonuniy asoslari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Taʼkidlash oʻrinliki, qoʻmita tomonidan ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, shu orqali mudofaa va xavfsizlik sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda, qoʻmita aʼzolari AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya, Isroil, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiziston davlatlarida xizmat safarlarida boʻlib, oʻzaro tajriba almashib qaytdi.

Matbuot anjumanida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2019-yilga moʻljallangan faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ham muhokama etildi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida, sifatli taʼminlash lozimligi alohida qayd etildi.

Qoʻmita tomonidan nazorat-tahlil sohasida Mudofaa doktrinasi ijrosini tizimli nazorat qilishni kuchaytirish va “2018-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi” ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha qoʻmita eshituvlari rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Qonun ijodkorligi sohasida “Qurol toʻgʻrisida”gi, “Mudofaa toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi va boshqa bir qator qonun loyihalarini ishlab chiqish rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.

Muhokamalar davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Tadbir yakunida qoʻmita faoliyatini yanada takomillashtirish, mudofaa sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlarni qabul qilish, masʼul idoralar bilan muloqot va hamkorlik samaradorligini taʼminlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Поделиться