O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kirish uchun yangi turdagi vizalar joriy etildi
2019-01-09 | Turizm
Viza tartibini liberallashtirish, xorijiy fuqarolarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish, soʻngi yillarda sohada yangi imtiyoz va preferensiyalar berish ichki va tashqi bozorlarda milliy sayyohlik salohiyatimizni namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni biz oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizga uzoq xorijdan tashrif buyurgan sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshganida ham koʻrishimiz mumkin.
2019-yil 5-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“ Farmoni imzolandi.
Ushbu Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qoʻshimcha qoʻshimcha (elektron boʻlmagan) kirish vizalari toifalarini berish belgilangan. Shunga koʻra, quyidagi yangi viza turlari joriy qilinadi:
“Vatandosh” – asli oʻzbekistonlik boʻlgan kishilar va ularning oila aʼzolari uchun Oʻzbekiston fuqarosi hisoblangan qarindoshlari tomonidan taklif etilgan hollarda beriluvchi ikki yillik viza;
“Student visa” – Oʻzbekistonda joylashgan taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan chet ellik talabalarga beriladigan bir yillik viza. Ushbu viza respublikadagi taʼlim vazirliklari, idoralari va tashkilotlari murojaatiga asosan rasmiylashtiriladi;
“Academic visa” – Oʻzbekistonda ilmiy-tadqiqot va taʼlim faoliyatini olib borish istagida boʻlgan chet elliklar uchun 3 oydan 2 yilgacha boʻlgan muddatga, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari murojaatiga koʻra beriladi;
“Medical visa”– Oʻzbekistonga davolash-profilaktika muassasalari taklifiga asosan tashrif buyuruvchi xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun 3 oygacha boʻlgan muddatga beriladigan viza.
“Piligrim visa” – ziyorat vizasi boʻlib, ushbu viza sayyohlik faoliyati subyektlari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita soʻroviga koʻra chet ellik fuqarolarga Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy va diniy-maʼnaviy merosi va anʼanalarini oʻrganish uchun 2 oygacha boʻlgan muddatga beriladi.
Davlatimiz tomonidan kirish vizasi berish tartibni liberallashtirish masalalari boʻyicha olib borilayotgan faol va ochiq siyosati chet eldagi turli qatlam vakillarini Oʻzbekistonga tashrifini yanada oshiradi va kelgusida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda hamda mamlakatni yirik mintaqaviy taʼlim markaziga aylantirishda ham yordam beradi.