O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Andijonlik talabalarga xorijlik professorlar onlayn tarzda vebinar maʼruzalar oʻqidi
2019-01-09 | Ta’lim
Mordoviya davlat universiteti professorlari Andijon davlat universiteti talabalari uchun vebinar tarzda onlayn maʼruzalar oʻqishdi.
Oʻtgan yili ilk marotaba Toshkent shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumidagi kelishuvlar natijasiga koʻra Rossiya Federatsiyasining Mordoviya
davlat universiteti va Andijon davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab universitetda Mordoviya davlat universiteti bilan qoʻshma dasturlar, asosida talabalarni oʻqitish rejalashtirilgan. Mazkur memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha alohida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Yoʻl xaritaga kiritilgan Mordoviya davlat universitetining professor-oʻqituvchilari tomonidan Andijon davlat universiteti talabalari uchun onlayn tarzida oʻquv mashgʻulotlarini olib borish rejasi ishlab chiqildi.
Hamkorlik memorandumiga muvofiq Mordoviya davlat universiteti matematik analiz kafedrasi professorlari Ravilya Bekmurzina hamda Anna Klimovalar tomonidan universitetning matematika taʼlim yoʻnalishining 3-bosqich talabalari uchun vebinar onlayn maʼruzalar olib borildi. Ushbu mashgʻulotlar natijasida professor-oʻqituvchi va talabalar zamonaviy bilimlarni egalladilar. 2019-yilda bunday maʼruzalarning oʻtkazilishi reja boʻyicha davom etadi.
Bugungi kunda Andijon davlat universiteti taʼlim sifatini oshirish maqsadida dunyoning nufuzli universitetlari bilan akademik, ilmiy va xalqaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Jumladan, 52 ta oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan boʻlsa, bulardan 28 ta oliy taʼlim muassasalari bilan ikki tomonlama akademik memorandum va shartnomalar imzolandi.
2018-yilning oʻzida 50 dan ziyod rivojlangan davlatlarning oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari universitetda ayrim fanlardan maʼruza mashgʻulotlarini olib borgan boʻlsalar, universitetning 20 dan ortiq professor oʻqituvchilari Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlariga borib qisqa muddatli stajirovka, doktorantura va malaka oshirish kurslarida boʻlib qaytdilar.