O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar qanday qonun loyihalarini koʻrib chiqdi?

2019-01-08 | Jamiyat

2019-yil 7-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Hukumat aʼzolari, qator vazirlik, idoralar, davlat tashkilotlari va jamoat birlashmalari vakillari bilan bir qatorda, xalq deputatlari Toshkent shahri va poytaxt tumanlari Kengashlari deputatlari ham qatnashdi.

Majlisda deputatlar mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Qizgʻin muhokama etilgan masalalardan biri “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat qonunchiligi hujjatlariga muvofiq, amaliyotda ayrim toifadagi shaxslar, xususan, xorijiy mamlakatlarda boʻlgan davr mobaynida ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat oʻrnatiladi. Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1992-yildagi amaldagi qonunning yangi tahriri tariqasida kiritilgan ushbu loyiha retsidiv va boshqa jinoyatlarning oldini olishda samarali vosita boʻlgan maʼmuriy nazorat institutini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Deputatlarning taʼkidlashicha, ozodlikdan mahrum etish joylaridan chiqqandan keyin maʼmuriy nazoratga olingan shaxslar tomonidan jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, mahkumni tuzatish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishga xizmat qiladigan mazkur qonun loyihasi bir paytning oʻzida ichki ishlar organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyati samaradorligini oshirishga ham yordam beradi.

Loyiha norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, masʼul qoʻmita tomonidan jiddiy ishlandi va yangi, tugal qonun shakliga keltirildi. Unga koʻra, 21 ta modda qayta ishlab chiqildi va 6 ta yangi modda kiritildi. Qonundagi havolaki normalar chiqarib tashlandi. Nazoratni oʻrnatish, amalga oshirish, nazoratni tugatishni oʻzida ifoda etgan normalarga aniqlik kiritildi. Maʼmuriy nazorat oʻrnatiladigan shaxslar toifasi qisqartirildi, bunday shaxslarga belgilanadigan cheklovlarga aniqlik kiritilib, ularning soni kamaytirildi. Maʼmuriy nazoratni muddatidan oldin olib tashlashni belgilovchi normalar bilan boyitildi. Ana shunday jiddiy oʻzgarishlardan soʻng loyiha toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunga aylandi. Muhokamalar, tortishuvlardan soʻng qonun loyihasi qabul qilindi.

Shundan soʻng deputatlar shaxsning aqli rasolikni istisno qilmaydigan ruhiy nuqsonlari aniqlangan shaxslarga nisbatan qoʻllanishi koʻzda tutilgan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari hamda bunday choralarni qoʻllash tartibi boʻyicha Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini koʻzda tutadigan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar.

Prezidentimizning 2018-yil 16-martdagi “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tayyorlangan ushbu qonun loyihasi bilan yuqoridagi kodekslarga ijtimoiy xavfli qilmishlarni sodir etgan, aqli rasolikni istisno qilmaydigan ruhiy holati buzilganlikdan aziyat chekuvchi shaxslar uchun jazo bilan birgalikda tayinlanadigan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash tartibini belgilash hamda majburlov choralarini oʻtash tartibini aniqlashtirishga doir tegishli oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun hujjatlarida sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkazishda aniqlanishi lozim boʻlgan masalalardan biri shaxsning aqli rasolikni istisno qilmaydigan ruhiy nuqsonlari bor-yoʻqligi bilan bogʻliq omildir. Hozirgi kunga qadar sud-psixiatriya ekspertizasi jarayonida ushbu toifadagi shaxslar aniqlanishiga qaramay, qonunchilikda ularga nisbatan hech qanday majburiy davolash choralari koʻzda tutilmagan. Loyihaning qabul qilinishi aqli rasolikni istisno etmaydigan ruhiy buzilishlari aniqlangan, sud tomonidan jazo tayinlangan shaxslarga nisbatan jazo bilan birgalikda tayinlanadigan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash va ularni psixiatr shifokorlarning nazoratisiz qoldirmaslikka imkon beradi.

Qonun loyihasi yuzasidan kechgan muhokamalar jarayonida deputatlar ushbu hujjat inson taqdiriga daxldorligini inobatga olib, qonun tashabbuskorlariga bir qator hayotiy savollar bilan murojaat etdi. Bahs-munozaralar yakunida mazkur loyihani norma ijodkorligi talablariga toʻla javob beradigan qilib yanada pishiq-puxta ishlash taklifi ilgari surildi. Soʻng qonun loyihasi ovozga qoʻyildi. Biroq u yetarlicha ovoz ololmadi va qayta ishlash uchun masʼul qoʻmitaga qaytarildi.

Shundan keyin deputatlar “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Quyi palataning bir guruh deputatlari tashabbusi bilan tayyorlangan mazkur qonun loyihasi muhokamasi chogʻida qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda yaylov va pichanzorlarning umumiy maydoni 21,1 million gektarni yoki mamlakat yer maydonining 46,5 foizini tashkil etadi. Ammo keyingi 35-40 yil davomida koʻchma chorvachilikda yaylovlardan meʼyordan ortiq foydalanish, mollarni yaylovlarda ortiqcha boqish hamda boshqa antropogen taʼsirlar natijasida chorva ozuqasi hajmi kamayib, yaylov yerlari inqirozga yuz tutmoqda. Tahlillarga koʻra, hozirgi kunga kelib mamlakatimizdagi yaylov maydonlaridan 16,4 million gektari (78 foizi) inqirozga uchragan, 20 foizdan ortiq maydondagi yaylov va pichanzorda oʻsimliklar soni hamda turlari kamayib, mahsuldorlik 2 barobarga qisqargan.

Yaylovlardan foydalanish boʻyicha samarali huquqiy mexanizm yaratilmagani, mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilinmagani, yaylovlardan oqilona foylanish yuzasidan davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniq belgilanmagani, mol boqish va pichan oʻrish meʼyorlari va rejalari belgilanmagani natijasida respublikadagi yaylovlarning holati yildan-yilga yomonlashib bormoqda.

Majlisda taʼkidlanganidek, deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bilan yaylovlardan oqilona foydalanishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yaratiladi. Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilanadi. Inqirozga uchragan yaylov maydonlarini aniqlash va ularni tiklash, hosildorligini oshirish uchun ozuqabop ekinlarni ekish ishlari tashkil etiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi hamda aholiga goʻsht va sut mahsulotlarini yetkazib berish koʻpayadi. Chorvachilikda yaylovlardan foydalanishning meʼyorlari belgilanadi.

Shundan soʻng deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari B.Alixonovning “Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) taʼsischi davlatlari rahbarlari sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuslari va takliflari mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha amaliy tadbirlar Dasturi toʻgʻrisida”gi axborotini tingladilar.

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondining tuzilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi boʻldi, degan edi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan 2018-yil 24-avgustda Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammitida bir qator muhim tashabbuslar qatorida, 2018-yil iyun oyida Toshkent shahrida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro konferensiyaning asosiy xulosa va tavsiyalarini hisobga olgan holda Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sherikli Trast fondini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi. 2018-yil 27-noyabrda esa, Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi doirasida Oʻzbekistonda Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik asosida BMTning Trast fondini ishga tushirishga doir oliy darajadagi tadbir oʻtkazildi va amaliy ish (“Yoʻl xaritasi”) koʻrsatilgandan soʻng fond oʻz faoliyatini boshladi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus va takliflarni oʻz vaqtida, samarali amalga oshirish maqsadida Amaliy saʼy-harakatlar rejasi hamda ustuvor milliy dasturlar va loyihalar roʻyxati tasdiqlangan. Shu bilan birga, ushbu tashabbus va takliflar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha Amaliy tadbirlar dasturi va Media-rejasi ishlab chiqilgan.

Majlisda deputatlar tomonidan mazkur dastur va media-reja atroflicha muhokama qilinib, parlament quyi palatasi Kengashining tegishli qarori tasdiqlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimovga “Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam koʻrsatishni samarali tashkil qilish choralarini koʻrish toʻgʻrisida” hamda “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari uchun belgilangan shtat miqdorlarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovlarini yuborish haqidagi masalalar ham koʻrib chiqildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Поделиться