O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yana 100 oila oʻz uy-joyiga ega boʻldi
2019-01-08 | Jamiyat
Toshkent viloyatida jismoniy imkoniyati cheklangan aʼzolari bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj 100 oilaga yangi uylar kaliti topshirildi.
Shu munosabat bilan Zangiota tumanida tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimligi masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qatlami, xususan, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam taʼminlangan oila vakillari, ayniqsa, ushbu toifadagi ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni imtiyozli uy-joy bilan taʼminlash, mehnat qilishiga imkoniyat yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bu boradagi ishlar koʻlamini kengaytirishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
– 2018 yilda viloyatda jismoniy imkoniyati cheklangan, boquvchisini yoʻqotgan, ehtiyojmand 300 ga yaqin oilaga uy-joy berildi, – deydi Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva. – Shuningdek, nogironligi boʻlgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 1 ming 90 ta nogironlik aravachasi, 130 ga yaqin eshitish apparati, 1 ming 800 dan ortiq protez-ortopediya moslamalari berildi. Ogʻir operatsiya uchun 25 nafariga moddiy yordam ajratildi.
Tadbirda viloyatning tuman va shaharlarida istiqomat qilayotgan 100 nafar uy-joyga muhtoj, nogironligi boʻlgan oilalarga yangi uylar kaliti topshirildi. Shuningdek, bayram dasturxoni yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva soʻzga chiqdi.