O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-01-08 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻtgan davrda mamlakatning sud-huquq sohasida chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va uning nufuzini oshirish, sudlar faoliyatida odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. 

Shu bilan birga, sud-huquq sohasida kadrlar tayyorlashning amaldagi tizimi tahlili professional va yetuk sudyalik korpusini shakllantirish uchun zarur yuqori standartlarni joriy etishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator muammolar mavjudligini koʻrsatdi, xususan: 

birinchidan, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlashning amaldagi tartibi samarasi past boʻlib, koʻp resurs sarflashni talab etadi, bu sud kadrlarining malakali zaxirasini shakllantirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda; 

ikkinchidan, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishning amaldagi oʻquv rejalari va dasturlari, shuningdek, bu boradagi ishlarni tashkil etishga doir yondashuvlar oʻquv jarayonining huquqni qoʻllash amaliyoti bilan bogʻliqligini lozim darajada taʼminlamayapti va zamonaviy talablarga javob bermayapti; 

uchinchidan, sudyalikka nomzodlarning stajirovkasini ularni asosiy ish joyidan ajralmagan holda tashkil etishning samarasiz tizimi ular tomonidan zarur amaliy koʻnikmalarni egallashni ragʻbatlantirmayapti; 

toʻrtinchidan, eskirgan oʻquv-uslubiy baza va ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda oʻquv jarayonining huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliq emasligi tinglovchilarda qarorlar qabul qilishda ijodiy yondashuvsiz “qolipli fikrlash”ning shakllanishiga olib kelmoqda. 

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida: 

1. Quyidagilar sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarda nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish koʻnikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va qoʻllashni rivojlantirish; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlar stajirovka oʻtashining sifat jihatdan yangi tizimini tashkil etish, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot faoliyati va oʻquv jarayoni bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash; 

ish yuritish va tanqidiy tahlil qilish, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda asoslangan qarorlar qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantiradigan interfaol oʻqitish uslublarini taʼlim jarayoniga joriy etish; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qonunchilikdagi dolzarb yangiliklar, mamlakatimiz va xorijdagi huquqni qoʻllash amaliyoti hamda norma ijodkorligi faoliyati holati va tendensiyalari bilan tanishtirish. 

2. 2019 yil 10 yanvardan boshlab quyidagi tartib joriy etilsin: 

sudyalik faoliyatini amalga oshirish va sudlar ishini tashkil etish, kasbiy etika, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish koʻnikmalarini oʻqitishga, sud kadrlarining ilmiy-tahliliy va kreativ salohiyatini shakllantirishga qaratilgan, grant asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida bir yillik magistratura taʼlim dasturi boʻyicha amalga oshiriladigan sudyalik lavozimlarini egallash uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash; 

kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish va sud maʼmuriyatchiligini yuritish koʻnikmalarini egallashga, shuningdek, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini oʻzlashtirishga qaratilgan, davomiyligi ikki oy boʻlgan, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada boʻlgan sudyalarni qayta tayyorlash; 

qonunchilikdagi yangiliklarning mazmun va mohiyatini yetkazishga, kasbiy, jumladan, huquq normalarini sharhlash va qoʻllash masalalariga doir koʻnikma va qobiliyatlarni takomillashtirishga qaratilgan, davomiyligi ikki haftadan kam boʻlmagan, sudyalar va sudlar apparati xodimlari malakasini oshirish. 

3. Belgilab qoʻyilsinki: 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni qabul qilish 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab faqat sudyalik lavozimi zaxirasida boʻlgan shaxslar orasidan tanlov asosida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda belgilanadigan kvotalar boʻyicha amalga oshiriladi; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslar asosiy ish joyi boʻyicha lavozimidan ozod qilinadi, biroq ularning egallagan lavozimi butun oʻqish davri mobaynida saqlanadi; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslari tinglovchilariga sudya yordamchisining bir oylik mehnatiga haq toʻlash fondi miqdorida stipendiya toʻlanadi; 

sudyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining buyurtmasi asosida amalga oshiriladi; 

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga oʻqish davomida asosiy ish joyi boʻyicha egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi. 

4. Belgilab qoʻyilsinki: 

sudyalik lavozimlariga 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab faqat sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanadi; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida oʻqish dasturini bajarmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etgan tinglovchilar oʻqish davrida olingan stipendiya summasini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga toʻliq miqdorda qoplab beradi. 

Sudyalarni dastlabki muddatga tayinlashning amaldagi tartibi 2019/2020 oʻquv yili tugagunga qadar saqlab qolinsin. 

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi va Adliya vazirligining: 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi (keyingi oʻrinlarda – Oliy maktab)ni tashkil etish; 

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining 12 ta shtat birligini Oliy maktabga oʻtkazish haqidagi takliflari maʼqullansin. 

Belgilansinki, Oliy maktab sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi davlat taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. 

6. Belgilab qoʻyilsinki: 

Oliy maktab Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi; 

Oliy maktabga Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi; 

Oliy maktab direktori mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosariga, Oliy maktab direktorining oʻrinbosarlari – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosariga tenglashtiriladi; 

Oliy maktab direktori lavozimi boʻyicha bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining jamoatchilik asosidagi aʼzosi hisoblanadi; 

Oliy maktab professor-oʻqituvchilar tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari uchun, Oliy maktabning boshqa xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi; 

Oliy maktabning maxsus unvonlar va mansab darajalariga ega boʻlgan xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun belgilangan tartibda maxsus unvonlar va mansab darajalari beriladi, koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi, ushbu shaxslarning Oliy maktabda ishlagan davri maxsus unvonlar va mansab darajalarini olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisiga Oliy maktab xodimlariga maxsus unvonlar va mansab darajalari berish huquqi beriladi; 

Oliy maktabda ishga jalb qilingan va malaka darajalariga ega boʻlgan sudyalar va ularga tenglashtirilgan shaxslarda sudya maqomi, barcha ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar, imtiyozlar hamda tibbiy taʼminot sharoitlari saqlab qolinadi; 

sudyalar va ularga tenglashtirilgan shaxslar orasidan ishga qabul qilingan xodimlarning Oliy maktabda ishlagan vaqti sudyalik stajiga qoʻshiladi. 

7. Quyidagilar: 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining ustavi 1-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining professor-oʻqituvchilar tarkibi va boshqaruv xodimlari cheklangan soni 36 kishidan iborat tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlari 3-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining shtat jadvali 4-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabiningsamarali faoliyatini taʼminlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Oliy maktab direktoriga Oliy maktabning tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlar belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudi zimmasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalarni bajarish bilan bir qatorda quyidagi ustuvor masalalarda Oliy maktabni har tomonlama rivojlantirishga koʻmaklashish yuklansin: 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqish, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish; 

Oliy maktab tinglovchilari stajirovka oʻtashi uchun zarur sharoitlarni yaratish; 

ilmiy ishlanmalar natijalarini qonun ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotiga joriy etish; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish; 

Oliy maktab faoliyatini taʼminlash va rivojlantirish uchun byudjetdan tashqari mablagʻlar, xayriya badallarini jalb etish. 

9. Oliy maktabda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Maxsus jamgʻarma) ularning mehnatiga haq toʻlash fondining 50 foizigacha miqdorda tashkil etilsin. 

Belgilab qoʻyilsinki: 

Maxsus jamgʻarma mablagʻlari Oliy maktab direktorining qaroriga koʻra boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorda har oylik ustamalar belgilashga yoʻnaltiriladi; 

Maxsus jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek, Oliy maktab xodimlariga har oylik ustamalar belgilash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi bilan kelishilgan holda Oliy maktab kengashi tomonidan belgilanadi. 

10. Quyidagilar Oliy maktab faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari; 

Oliy maktab tomonidan shartnoma asosida bajariladigan ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy ishlar, taʼlim va boshqa xizmatlardan tushadigan tushumlar; 

xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari; 

jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari; 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 

11. Oliy maktabga sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, advokatlar, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari, vazirliklar, idoralar mutaxassislari va boshqa mutaxassislarni oʻrindoshlik tartibda yoki mehnatga soatbay haq toʻlash shartlarida pedagogik faoliyatni amalga oshirishga jalb etish huquqi berilsin. 

Jalb etiladigan mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan belgilanadi. 

12. Sudyalar oliy kengashi va Oliy maktab uch oy muddatda: 

Oliy maktabga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin, xususan, unda tinglovchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillarini bilish koʻnikmalari mavjudligi zaruriy talab ekanligi nazarda tutilsin; 

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish nizomini, oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin; 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda Oliy maktabni oʻqitishning zamonaviy shakl va uslublarini qoʻllash koʻnikmalariga, amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan, birinchi navbatda, qayta tashkil etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazi xodimlari va Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi oʻtkazilgan shtat birliklaridagi xodimlar orasidan malakali kadrlar bilan toʻldirsin. 

13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy maktab va Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining asoslantirilgan hisob-kitoblari boʻyicha 2019 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlariga mazkur qarordan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirishlar kiritsin. 

14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga: 

oʻqituvchilar va tinglovchilarning yetakchi xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda malaka oshirish kurslarini oʻtishi, stajirovka oʻtashi va oʻqishida Oliy maktabga koʻmaklashsin; 

Oliy maktabning buyurtmalari boʻyicha Oliy maktabning oʻquv va ilmiy jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin. 

15. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy maktabning buyurtmalari boʻyicha Oliy maktabning oʻquv va ilmiy jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarga davlat boji undirmasdan belgilangan tartibda koʻp martalik kirish vizalarini rasmiylashtirish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek, ularni vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish va vaqtinchalik roʻyxatda turish muddatini uzaytirishni taʼminlab borsin. 

16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha Oliy maktabning oʻquv xonalari, kafedralari, axborot-resurs markazi va boshqa binolarini zamonaviy uskunalar, aloqa va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlashni, shuningdek, Oliy maktabni mamlakatimizda va xorijda chop etilgan sud-huquq masalalariga oid oʻquv, ilmiy va uslubiy adabiyot va davriy nashrlar bilan taʼminlashni nazarda tutadigan tegishli qarorni qabul qilsin. 

17. Oliy maktab Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Choʻponota koʻchasi, 6-uyda joylashtirilsin. 

18. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi oʻzgartirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazining mulkini, jumladan, avtotransport vositalarini Oliy maktab balansiga begʻaraz oʻtkazsin. 

19. Oliy maktabga toʻrtta yengil avtotransport vositasi va bitta avtobusni saqlash uchun limit belgilansin. 

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ–2903-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin. 

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin. 

22. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin. 

23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                 Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2019 yil 6 yanvar

Поделиться