O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Harbiy boʻlish orzuim yanada mustahkamlandi
2019-01-08 | Jamiyat
Jizzaxda viloyat xokimligi, Markaziy harbiy okrug, Jizzax harbiy garnizoni, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashlari hamkorligida “Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchidir!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Sharof Rashidov tumani Gandumtosh qishlogʻida tashkil etilgan festivalda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari jangovar salohiyatini aks ettiruvchi harbiy texnika va qurol-aslahalar, qutqaruv anjomlari koʻrgazmasi namoyish etildi. Ishtirokchilar zamonaviy harbiy texnika va qurollarni nafaqat tomosha qildi, balki baʼzilarining ishlatilish tartibi bilan ham tanishdi.
Festival doirasida yoshlarga mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, Vatan himoyachisi boʻlishning sharafi va masʼuliyati haqida keng maʼlumot berishga qaratilgan qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari oʻtkazildi.
– Harbiy orkestr sadolari ostida askarlarning saf koʻrigi, buyuk bobolarimiz Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur jang sanʼati haqidagi sahna koʻrinishlari biz yoshlarni toʻlqinlantirib yubordi, – deydi Jizzax yengil sanoat kasb-hunar kolleji oʻquvchisi Zohid Otaqulov. – Askarlarning qoʻl jangi sanʼati, sportning harbiy-texnik turlari boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar, xalqimizning qadimiy va jangovar koʻpkari oʻyini harbiy boʻlish istagimni yanada mustahkamladi.
Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), OʻzA