Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuvda turli soha va yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillari, yangi biznes loyiha va rejalar ustida izlanayotgan tashabbuskor yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.
Taʼkidlandiki, biznesni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini tezkor hal etish yoʻlidagi saʼy-harakatlar Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida yanada kuchaytiriladi.
Viloyat hokimligida tashkil etilgan ochiq muloqotda bir qator ishbilarmonlarning qishloq xoʻjaligi, sanoat, xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari boʻyicha yangi biznes loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Jumladan, Namangan tumanidagi “Mufassal fayz servis” MCHJ rahbari O.Otaboyevning qiymati 750 ming dollarga teng temir quvur va mebel ishlab chiqarish, Namangan shahridan tadbirkor A.Sobitovning parrandachilik faoliyatini kengaytirish uchun zamonaviy qushxona tashkil etish, “Afruz Kamol Nabi” MCHJ rahbari B.Shokirovning meva-sabzavotni qayta ishlash faoliyatini kengaytirish, uchqoʻrgʻonlik tadbirkor A.Rahmatovning zamonaviy issiqxona va parrandachilik, Toʻraqoʻrgʻon tumanidan B.Mirzarahimovning tuyaqushchilik xoʻjaligini tashkil etish kabi oʻnlab biznes loyihalari viloyat hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan boʻldi.
Muloqotda tadbirkorlar oʻz faoliyati bilan bogʻliq muammo va taklif-mulohazalarini ham oʻrtaga tashladi. Tadbirkorlar murojaati birma-bir tinglanib, yer maydoni va bino-inshoot ajratish masalalarini hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar topshirildi.
– Muntazam oʻtkazib kelinayotgan bunday ochiq muloqotlar yaxshi samara bermoqda, – deydi viloyat hokimligining tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash guruhi rahbari F.Inomov. – 2018 yilda oʻtkazilgan shunday uchrashuvlarda tadbirkorlarning 467 murojaati ijobiy hal etilib, ularga 190 gektar yer maydoni, 14 ta bino-inshoot hamda sanoat, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlari boʻyicha 265 milliard soʻm miqdorida kredit ajratilishiga koʻmaklashildi. 2019 yilda bu kabi amaliy yordamlar koʻlami yanada kengayadi.
Akromjon Sattorov, OʻzA