O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Umumtaʼlim muassasalarida taʼlim sifatini aniqlash
2019-01-07 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi PF-5538-sonli “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida 2019-yil 1-yanvardan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumtaʼlim muassasalari faoliyati samaradorligi boʻyicha reytingi tuzilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligining “Umumtaʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori Adliya vazirligidan 2018-yil 29-dekabr sanasida 3112 raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Ushbu qoʻshma qarorda umumtaʼlim muassasalari samaradorligini baholash boʻyicha 4 ta reyting indikatorlari tasdiqlandi:
- 11-sinf bitiruvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tayyorgarlik darajasi va sifati koʻrsatkichi;
- 9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasi koʻrsatkichi;
- oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi;
- oʻquvchilar va pedagoglar bilan oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrov natijalari;
Umumtaʼlim muassasalari reytingini tuzish maqsadida Davlat inspeksiyasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda reytingni aniqlashga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish, umumtaʼlim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tarkibi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda umumtaʼlim muassasalari reytingini aniqlashga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish, nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish boʻyicha Davlat inspeksiyasining hududiy boʻlimlari hamda Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi. Komissiya hamda ishchi guruh tarkiblari Davlat inspeksiyasi buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Reytingda qatnashadigan tumanlar va shaharlar umumtaʼlim muassasalari roʻyxati komissiya tomonidan belgilanib 1 fevralgacha Davlat inspeksiyasining www.tdi.uz veb-saytida eʼlon qilinadi.