O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shoʻrchi tumanida zamonaviy buyum bozori quriladi
2019-01-05 | Jamiyat
Aholi turmush tarzi, madaniyati, urf-odatlari haqida xolis tasavvur, avvalo, bozorlarda shakllanadi. Shu bois ham viloyatimizda yangidan-yangi savdo majmualari, bozorlar qurish, mavjudlarini kengaytirish, sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shoʻrchi tumani markazida zamonaviy buyum bozorini qurishga kirishilishi aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarning mantiqiy davomi, deyish mumkin.
Qurilishi rejalashtirilgan mazkur savdo majmuasi loyihasi bilan tanishuv jarayonida uni zamon talablari asosida bunyod etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish, sotuvchi va xaridorlar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shoʻrchi tumanidagi “Nurobod” MCHJ quruvchilari tomonidan bunyod etiladigan yangi bozor 2 qavatli, usti yopilgan pavilon koʻrinishida boʻladi. Unda 400 ta savdo nuqtasi oʻrin olishi koʻzda tutilgan. Uning qurilishiga 70 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.
Zamonaviy savdo kompleksini joriy yilning sentyabr oyigacha qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.