Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan, har tomonlama sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat hokimi Zafar Roʻziyev Yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilot yetakchilari va bir guruh iqtidorli yoshlar bilan suhbatlashdi.
Uchrashuvda viloyatning iqtidorli va faol yoshlari soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikdan mamnun holda oʻz fikrlarini bildirib, loyiha tashkilotchilariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
– Uchrashuv Prezidentimiz rahnamoligida biz yoshlarga koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir ifodasi boʻldi, – deydi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” sovrindori shahrisabzlik Madinabonu Saidjonova. – Bu bizni faqat aʼlo baholarga oʻqishga, hamisha faol boʻlish va elu yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusi bilan yashashga undaydi. Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat, yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidoyilik tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda yoshlar vakillari oʻzlari qoʻlga kiritgan yutuq-muvaffaqiyatlar haqida gapirib, yaratilgan imkoniyat va sharoitlar uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
– Yoshlar jamiyatning eng ilgʻor qatlami sifatida hamisha qoʻllab-quvvatlanishi, ularning har jihatdan barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishlarini taʼminlash davlatimiz rahbarining Parlamentga Murojaatnomasida ham oʻz aksini topdi, – dedi viloyat hokimi Z.Roʻziyev. – Murojaatda “Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlar bilan ishlash masalasi, bundan buyon ham eng asosiy vazifalarimizdan biri boʻlib qoladi”, deya aytganlari bejizga emas.
Shundan soʻng yoshlarning kelgusidagi rejalari, ularni qiynayotgan muammolar haqidagi taklif-mulohazalar tinglandi. Viloyatda turizm va xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish, yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, talaba-yoshlar uchun yoʻnalishli avtobuslarni tashkil etish, viloyat “Yoshlar markazi”ni zamon talablari doirasida qayta qurish kabi koʻplab taklif va muammolarga viloyat hokimi shu joyning oʻzida yechim topdi.
Uchrashuv davomida Qarshi shahrining bir qator diqqatga sazovor joylariga viloyat hokimi boshchiligida sayohat tashkil etilib, uning doirasida uzoq masofadan maktabga qatnaydigan yoshlarga velosipedlar sovgʻa qilindi.
Oʻ.Barotov, OʻzA