O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olishga barchamiz masʼulmiz

2019-01-04 | Sog‘liqni saqlash

Mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar hamda ular xavfining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt oʻlim hamda kasallanishini kamaytirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Biroq aholi salomatligini muhofaza qilish borasida profilaktik ishlarni samarali muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi fuqarolarning jismoniy faolligi darajasini qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha choralar koʻrish imkonini bermayotganini ham taʼkidlab oʻtish kerak. Negaki, aholining tibbiy va sanitar-gigiyenik madaniyati darajasining pastligicha qolayotgani natijasida asosiy eʼtibor profilaktikaga emas, kasalliklarni davolashga qaratilmoqda. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 18 dekabrda qabul qilingan “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning oldini olish, davolash hamda nazorat qilish, barvaqt oʻlim holatlari va jamiyat uchun kasalliklar yukini kamaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yoʻli bilan sogʻlom turmush tarzini shakllantirishdek ezgu ishlarni yanada takomillashtirishda muhim qadam boʻldi. 

Aytish mumkinki, ushbu hujjatga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 2019-2022yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu konsepsiya boʻyicha aholining yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirishga yanada ahamiyat qaratiladi. 

Hech kimga sir emas, nosogʻlom turmush tarzi va jismoniy nofaollik natijasida aholi oʻrtasida turli yuqumli boʻlmagan kasalliklar kuzatilmoqda. Masalan, yurak-qon tomir, nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari, insult, xavfli oʻsmalar va qandli diabet kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar nogironlik va oʻlim holatlarining asosiy sababiga aylanib qolmoqda. Bu kasalliklar asosan yuqori qon bosimi, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilish, qonda xolesterin miqdorining meʼyoridan ortishi, ortiqcha tana vazni, meva va sabzavotlarni yetarlicha isteʼmol qilmaslik va sust jismoniy faollik kabi xavfli omillar tufayli yuzaga keladi. 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, keyingi bir necha oʻn yil ichida ortiqcha tana vazni va semizlik muammosi butun dunyoda kuchayib bormoqda. 2015 yilning oʻzida yuqumli boʻlmagan kasalliklar 40 million odamning umriga zavol boʻldi, bu esa dunyo boʻyicha barcha oʻlim holatining 70 foizini tashkil etadi. 

Oʻzbekistonda har yili barcha oʻlim holatlarining 78 foizi yuqumli boʻlmagan kasalliklar tufayli yuz bermoqda. 2017 yilda jinsi va yoshi boʻyicha standartlashtirilgan oʻlim sabablari umumiy tuzilmasida birinchi oʻrinda qon aylanish tizimi kasalliklari (69 foiz), shu jumladan, yurak-ishemik kasalligi, arterial gipertoniya va uning asoratlari (miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi) turgan boʻlsa, ulardan keyin xavfli oʻsmalar (8 foiz), qandli diabet (3 foiz) va nafas olish aʼzolarining surunkali kasalliklari (3 foiz) joy oldi. 

Yana bir eʼtiborli faktga eʼtibor qarataylik, 2014-2015yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda mamlakatimizda 18-64 yoshli aholisi orasida oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra, har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) sabzavot va mevalarni yetarli miqdorda isteʼmol qilmagani, aholining 46 foizida qondagi xolesterin darajasi ortgani, erkaklarning 42 foizi va ayollarning 1,5 foizi tamakiga ruju qoʻygani, aholining deyarli uchdan bir qismida yuqori arterial bosimi qayd etilgani kuzatilgan. Aholi orasida bir kunda isteʼmol qilinayotgan tuz miqdori oʻrtacha 14,9 grammni tashkil qiladi, bu esa Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan koʻrsatkichdan 3 baravar ortiqdir. 

Mutaxassislar xavfli omillar profilaktikasi va yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yaxshilash orqali mamlakatimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar sababli kuzatiladigan noxush holatlarning oldini olish mumkinligini taʼkidlamoqda. 
Albatta, fuqarolarni sogʻlom turmush tarziga jalb qilish boʻyicha targʻibot ishlari yetarli darajada emasligi ham bunday kasalliklarning kuchayishiga zamin boʻlayotir. Ming afsuski, mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar faqat miqdoriy va statistik ahamiyatga ega boʻlib qolmoqda. Birgina 2017 yilda bu borada 200 mingdan ortiq tadbir oʻtkazildi, lekin ular samarali va taʼsirchan natijalarni bermagani haqiqatdir. 

Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan qarori ijrosi bu boradagi muammolarni bartaraf etish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu qarordan kelib chiqib, Sogʻliqni saqlash vazirligi ishlab chiqqan konsepsiyaga koʻra, taʼlim, tibbiyot, sport muassasalari, korxonalar, tashkilotlar va jamoat joylarida sogʻlom muhitni shakllantirish boʻyicha nodavlat sektor rolini kuchaytirish, aholi oʻrtasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish sohasida davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini joriy qilish va uning imkoniyatlarini kengaytirish hamda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va ularni nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar mablagʻlari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari, grantlar hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan barqaror moliyalashtirish choralarini koʻrish rejalashtirildi. 

Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida davlat muassasasi shaklida Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi huzurida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda markazning hududiy boʻlimlari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari negizida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda markazning tuman va shahar boʻlinmalari tashkil etiladi. Bu muassasalarning asosiy maqsadi esa aholi orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish boʻyicha ommaviy tadbirlarni oʻtkazishdir. 

Qaror ijrosida notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq kasalliklarning oldini olish va tarqalishi darajasini kamaytirish, keng koʻlamda tushuntirish ishlarini tashkil qilish va aholining sogʻlom turmush tarzi garovi sifatida toʻgʻri ovqatlanish targʻibotini kuchaytirishga katta ahamiyat beriladi. Masalan, mazkur hujjatning yana bitta asosiy bandlaridan biri – 7-bandida koʻrsatilganidek, Vazirlar Mahkamasi 2019 yilning 1 dekabriga qadar keng doirada oʻtkaziladigan jamoatchilik muhokamalari natijasida alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmolini cheklash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasini qabul qiladi. 

Eʼtibor beradigan boʻlsak, aholi oʻrtasida alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish u darajada taqiqlanmagan edi. Endi ushbu qaror bilan jamoat joylari va transportning belgilanmagan joylarida alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmoli uchun javobgarlik kuchaytiriladi. 

Qarordagi 10-band ijrosi ham har bir inson uchun foydali boʻlib, davlat organlari va tashkilotlarida ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlariga keng oʻrin beriladi. Bunda haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlarda ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni“ tashkil etiladi. 

Muxtasar aytganda, Prezidentimizning mazkur qarori ijrosi aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishdek ulugʻ va xayrli ishlar sirasidan boʻlib, bunda nafaqat tibbiyot xodimlari, balki keng jamoatchilik vakillarining ishtiroki maqsadga muvofiqdir. 
 

Azizbek Nizomov, 
Jamiyat salomatligi va sogʻliqni saqlashni 
tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti 
direktori oʻrinbosari

Поделиться