Namangan viloyatida 1 ming 177 ta korxona qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlash tartibiga oʻtadi
Namanganda soliq tizimidagi islohotlarni sifatli bajarish, soliq toʻlovchilarga koʻmaklashish va ular bilan manzilli ishlarni amalga oshirish boʻyicha hududiy ishchi guruhning seminar yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat prokuraturasi, soliq, bank, moliya, iqtisodiyot, statistika, savdo-sanoat palatasi muassasalari rahbarlari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni asosida tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyozlar, 2019 yildan soliq qonunchiligida tatbiq etiladigan yangiliklar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholi farovonligini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan soliq siyosatidan kutilayotgan samaralar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.Musayev, “Mikrokreditbank” ATB boshqaruvi raisi O.Almardonov va boshqalar tomonidan aniq hisob-kitob, fakt va raqamlar asosida tahlil qilindi.
Taʼkidlandiki, soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida soliqqa tortish tizimini tubdan isloh qilish, jumladan, soliq va majburiy toʻlovlarni qisqartirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish koʻzda tutilgan. Qulay raqobat muhiti yaratish, soliq qonunchiligi barqarorligi va soddalashtirilishini taʼminlash, soliq yuklamasini kamaytirish, yurtimizning investitsion jozibadorligini oshirish hamda soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish konsepsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Tadbirda hisobot yili yakunlariga koʻra, 1 milliard soʻm mahsulot aylanmasiga ega boʻlgan yoki ega boʻlishi kutilayotgan barcha xoʻjalik subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar 2019 yil 1 yanvardan boshlab umumbelgilangan soliqlar toʻloviga oʻtishi, qoʻshimcha qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va hisob-kitoblarni taqdim etish hamda byudjet bilan oʻzaro munosabatlar, kameral nazorat va soliqqa oid huquqbuzarliklarning oldini olish xususida ham fikr almashildi.
– Eʼtiborlisi, 2019 yil 1 yanvardan ishchi-xizmatchilarning daromad soligʻidagi toʻrt pogʻonali stavkaning yaxlit 12 foizga tushirilishi, shuningdek, sugʻurta badallari bekor qilinishi maosh oshishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga zamin hozirlaydi, –deydi Namangan shahridagi “Jahon Javohiri invest” MCHJ bosh hisobchisi F.Muqimova. – Masalan, ishchi-xizmatchilarning 2018 yildagi daromad va sugʻurta badallari fondi 73,1 million soʻmni tashkil etgan edi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2019 yilda bu koʻrsatkich 57,6 million soʻm boʻladi. Bu 15,5 million soʻm mablagʻ ishlovchining hamyonida qolishini anglatadi. Tabiiyki, daromad yuqori boʻlgan joyda ish sifati, unumdorligi ham oshadi.
Qayd etilganidek, 2019 yil soliq siyosati konsepsiyasi bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlarga muvofiq, viloyatda 1 ming 177 ta korxona qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlash tartibiga oʻtishi, 9 ming 507 ta korxona resurs soliqlarini, 196 ta yakka tadbirkor umumbelgilangan soliqlarni, 1 ming 886 ta yakka tartibdagi tadbirkor esa yagona soliq toʻlovining toʻlovchisi sifatida soliq organlarida qayta hisobga olinishi kerak boʻladi.
– Maqsad qoʻshimcha qiymat soligʻi kichik biznesga ham joriy etilishi natijasida narx-navo oshib ketishining oldini olish, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan har bir jarayonda yaratilayotgan qoʻshimcha qiymatga soliqni joriy etish orqali narxni toʻgʻri shakllantirish, uning asossiz ravishda oshib ketmasligini taʼminlashdan iborat, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari A.Mahmudov. – Soliq organlari tomonidan umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtayotgan korxonalarda individual tarzda keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad, davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchilarning biznes hamkori va maslahatchisi sifatida xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan idoraga aylanishiga erishishdir.
Muloqotda tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi, zarur huquqiy maslahat berildi.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi maʼlumotiga koʻra, bunday tadbir Toʻraqoʻrgʻon tumanida ham boʻlib oʻtgan.
Akromjon Sattorov, OʻzA