O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniya Federativ Respublikasi fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi
2019-01-04 | Turizm
Mamlakatlar oʻrtasida madaniy, ilmiy va taʼlim almashinuvini mustahkamlash, investitsion muhitni yaxshilash va sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida, 2019-yil 15-yanvardan Germaniya davlati fuqarolari uchun Oʻzbekistonga kirishda 30 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi.
Taʼkidlash joizki, 2016-yilda Oʻzbekistonga Germaniya Federativ Respublikasidan tashrif buyurgan sayyohlar soni 4 889 kishini, 2017-yilda 7 207 nafarni, 2018 yilda esa 18 094 kishini tashkil etgan. Koʻrinib turibdiki, 2018-yildagi koʻrsatgich oʻtgan yillarga qaraganda ancha yuqori, yaʼni ikki yarim barobardan ziyodni tashkil etmoqda
Vizasiz rejimni joriy etishda asos sifatida Germaniya Federativ Respublikasi fuqarolari tomonidan E-visa elektron dasturidan foydalanganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻtarilganda: 2018-yil 28-dekabr holatiga koʻra, Germaniyaning 1 089 nafar fuqarosi E-visa elektron dasturi orqali viza rasmiylashtirgan va shu bilan birga, ushbu dasturdan eng koʻp foydalangan mamlakatlar orasida 10-oʻrinni egalladi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi PF-4861-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ gi Farmoniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, 2019-yil 15-yanvardan boshlab Germaniya davlati fuqarolari uchun Oʻzbekistonda sayyohlik maqsadlarida 30 kunlik vizasiz sayohat qilish imkoniyati yaratildi.
Eslatib oʻtamiz, turizm sohasida viza rasmiylashtirish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlarini 2021-yil 1-yanvarga qadar amalga oshirish rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʻrnida, 2018-yil 10-fevraldan boshlab qator xorijiy mamlakatlar fuqarolariga yurtimizga vizasiz kirishga ruxsat berilgandi, bu esa ushbu davlatlardan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini koʻpaytirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.