O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Indoneziya Elchisi bilan uchrashuv
2018-12-29 | Siyosat
2018-yilning 29-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov o‘zining mamlakatimizdagi to‘rt yillik diplomatik missiyasini yakunlayotgan Indoneziya Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Anak Agung Gde Alit Santhikani qabul qildi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida so‘nggi ikki yilda turli yo‘nalishlarda yangicha jadallik kasb etayotgan ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Indoneziya Prezidenti Joko Vidodoning 2017-yil may oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan suhbati tomonlar hamkorlikning barcha jabhalarida o‘zaro manfaatli sherikchilikni oshirishga tayyor ekannligini tasdiqladi.
Joriy yilning 10 oyida o‘zaro savdo 48,3 mln. AQSh dollarini tashkil qilib, bu butun 2017-yil davomidagi ko‘rsatgichdan 1,5 baravar ko‘p deganidir. Xususan, eksport 1,6 baravarga o‘sdi. Indoneziyaning yetakchi kompaniyalari Qo‘qon superfosfat zavodini modernizatsiya qilishda, mehmonxonalar qurishda, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida paxta yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha klasterlarni tashkil etishda ishtirok etmoqda.
Ikki tomonning ham 30 kun muddatga bir-birlarining fuqarolari uchun vizani bekor qilishi turistlar almashinuvining o‘shiga ijobiy ta’sir qilgani e’tirof etildi.
Tobora rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik ikki tomonlama aloqalarning mustahkamlanishida muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida Vazir Elchiga O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan sezilarli shaxsiy hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Elchi, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi diplomatik missiya rahbari sifatidagi faoliyati davomida ko‘rsatilgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorchilik izhor etdi.