O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorazmda sport-taʼlim muassasalari direktorlari uchun respublika oʻquv seminari oʻtkazildi
2018-12-15 | Sport
Jismoniy tarbiya va sport vazirining vazirlik tizimidagi sport-taʼlim muassasalarida ish yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni tartibga solish toʻgʻrisida buyrugʻi qabul qilingan edi.
Joriy yilning 13-14-dekabr kunlari Xorazm viloyati Urganch shahrida ushbu buyruqda belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlashga qaratilgan “Vazirlik tizimidagi sport-taʼlim muassasalari faoliyatiga oid hujjatlarni hamda sport hakami faoliyatini tartibga solish” mavzusida hududiy oʻquv seminar oʻtkazildi.
Seminarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan 139 nafar bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari direktorlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari mutasaddilari ishtirok etishdi.
Urganch davlat universiteti madaniyat saroyida tashkil etilgan seminarning birinchi kunida jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Sh.Moʻminjonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-martdagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida batafsil maʼlumot berdi. Tadbirda, shuningdek, taʼlim muassasalarida yuritilishi lozim boʻlgan hujjatlar nomenklaturasi, davlat taʼlim standartlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanma va oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish hamda ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazish mavzularida maʼruzalar tinglandi.
Shundan soʻng seminar ishtirokchilari Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati hamda “Yoshlik” sport majmuasidagi ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari faoliyati bilan tanishdilar.
Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilarga taʼlim muassasalarini obodonlashtirish, namunaviy yoʻriqnoma asosida bezash va jihozlash, moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritish, yuridik xizmat, sport hakamligi faoliyatiga doir malaka talabalari, ish yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni tartibga solish toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Shu kuni seminar ishtirokchilari Xiva shahar “Doʻstlik” mahallasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 oktyabr “Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini yaratish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida qurilgan “Grand Abdumalik” sport majmuasining tantanali ochilish marosimi ishtirok etishdi.
Sport majmuasining ochilish marosimida jismoniy tarbiya va sport vazirining oʻrinbosari Sh.Moʻminjonov, Xiva shahri hokimi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Sh.Madaminovlar soʻzga chiqib, respublikamizning turli hududlardan tashrif buyurgan sport-taʼlimi muassasalari direktorlariga davlat-xususiy sherikligi asosida sport majmualarini tashkil etishning shartlari va afzalliklari haqida maʼlumot berishdi.
Yakunda ishtirokchilarga ushbu seminar davomida olgan bilim va koʻnikmalarini oʻz muassasalarida amaliyotga joriy etish vazifasi yuklandi.