O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hirotning benazir malikasi

2018-12-14 | Madaniyat

Poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Gavharshodbegimga bagʻishlangan “Temuriy malika Gavharshodbegimning hayoti va faoliyati” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy simpozium oʻtkazildi. 

Xalqaro tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi hamda “Oʻzbekiston – Afgʻoniston” doʻstlik jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Sayfullayev, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezident Devoni Ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari I.Faridun va boshqalar Mirzo Ulugʻbekning volidasi Gavharshodbegim Hirot malikasi, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi sifatida oʻzbek va afgʻon xalqlarining mushtarak tarixida tutgan oʻrni beqiyos ekanini taʼkidladi. 

Istiqlol yillarida sohibqiron Amir Temurning jahon madaniyati tarixidagi oʻrni tiklandi, Amir Temur va temuriylar tarixini chuqur oʻrganish, uni targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Barcha Temuriylar buyuk bobokalonimizning obodonchilik, mamlakatni adolat bilan boshqarish, ilm-fan, madaniyat, sanʼat sohalaridagi ishlarini davom ettirgan. Bu borada nafaqat temuriy hukmdorlar, balki temuriy malikalar ham isteʼdodli siyosatchi, yetuk olima va xassos shoira boʻlgani tarixdan yaxshi maʼlum. 

Gavharshodbegim Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli Shohrux Mirzoning suyukli xotini boʻlgan. U Chigʻatoy zodagonlaridan Gʻiyosiddin Tarxonning qizi edi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Gavharshodbegim yuksak did-farosatli, oqila, tadbirkor, suxandon, bir soʻzli, qatʼiyatli, husn bobida ham benazir ayol boʻlgan. Tabiatan dindor Shohruh Mirzo koʻp vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflar edi. Saltanat, devon ishlarini oʻktam va tadbirkor xotini Gavharshodbegim boshqarardi. 

Vatanparvar, bilimdon va zukko Gavharshodbegim mamlakat ravnaqi yoʻlida tinmay gʻamxoʻrlik qilgan. Uning dasturida madaniy va maʼrifiy hayot birinchi oʻrinda boʻlgan. Shu bois, farzandlari, barcha nabiralari ilm-fan muxlisi boʻlib, hatto gʻazallar ham bitgan. 

Tadbirda olimlarning Gavharshodbegim hayoti va ijodiga bagʻishlangan maʼruzalari tinglandi. 

Simpoziumning yakunlovchi majlisida bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston hamda Afgʻoniston davlatlari oʻrtasidagi ilmiy, madaniy va maʼrifiy sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi. 

 

Davron Sunnatov, OʻzA

Поделиться