O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahrida O‘zbekiston – Litva siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
2018-12-13 | Siyosat
2018-yilning 13-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari delegatsiyalari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning 7-raundi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov va Litva tashqi ishlar vitse-vaziri Darius Skusevichus boshchiligidagi delegatsiyalar ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari, turli ko‘p tomonlama shakllarda, jumladan O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi shaklidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar va dolzarb xalqaro va mintaqaviy mavzular yuzasidan fikr almashdilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Litva muloqotini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli asosda aloqalarni o‘rnatishdan manfaatdorlik tasdiqlandi.
Uchrashuvda o‘zaro savdo-sotiqning ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, joriy yilning 10 oyi davomida tovar aylanmasi 2017-yilning shu davriga nisbatan 10 foizga oshdi. Shu bilan birga, innovatsiya, transport va logistika, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi sektori kabi iqtisodiyot sohalarida mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmaganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya, Qishloq xo‘jaligi sohasidagi qo‘shma ishchi guruhi majlislari va boshqa tadbirlarni 2019-yilda o‘tkazish jadvali yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston tomoni Litvaning vakillarini kelgusi yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo: yangi imkoniyatlar va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.
Maslahatlashuvlarda Litva Elchisi Remigiyus Motuzas ishtirok etdi.