O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo viloyati delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi
2018-12-13 | Iqtisodiyot
Afg‘oniston Islom Respublikasi Balx viloyati voliysi Muhammad Ishoq Rahguzarning taklifiga binoan Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov boshchiligidagi delegatsiya bugun amaliy tashrif bilan Balxda bo‘ldi.
Hayraton shahrida tantanali kutib olingan viloyatimiz delegatsiyasi dastlab Respublikamizdan tranzit yuklar yetkazib beriladigan quruqlikdagi 2 va 3-sonli portlar, “Hayraton” daryo porti va shu nomdagi temir yo‘l bekati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Amaliy tashrifning asosiy tadbirlari Hayratondagi “Astras”mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ikki qo‘shni viloyat rahbarlari va delegatsiya a’zolari ishtirokida chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan muloqot o‘tkazildi.
Muhammad Ishoq Rahguzar Surxondaryo delegatsiyasining Balx viloyatiga tashrifidan, keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanganidan va bu munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Afg‘onistonni yaqin qo‘shni va do‘st mamlakat deb biladi, dedi viloyatimiz hokimi Bahodir Po‘latov.
Ta’kidlanganidek, Surxondaryoda afg‘onistonliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish, temir yo‘l hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida maxsus ta’lim markazining tashkil etilishi, ixtisoslashgan shifoxonada Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarning yaratilishi, Termizda Afg‘oniston konsullik idorasining ish boshlashi ikki davlat chegaraoldi mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.
Hozirda Surxondaryo viloyatida afg‘on sarmoyasi asosida tashkil etilgan 90 dan ortiq qo‘shma korxona ishlab chiqarishning turli sohalarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida Afg‘onistonga Surxondaryodan 33,5 mln. dollarlik 37,7 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.
“Termiz kargo” eksport markazi O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmon-lari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda o‘ziga xos do‘stlik ko‘prigi vazifasini o‘tamoqda. Yangi barpo etilayotgan “Termiz iqtisodiy zonasi” kelgusida Afg‘oniston bilan savdo aloqalarimizni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqot chog‘ida viloyatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiyot, transport, tranzit, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Delegatsiya a’zolari shu kunning o‘zida viloyatga qaytib keldi.