O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
2018-12-13 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda mamlakatimizda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash, maʼnan yetuk va jismonan sogʻlom shaxsni kamol toptirish sohasida muayyan ishlar amalga oshirildi, sport, shu jumladan, uning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, Qurolli Kuchlarni jihozlash uchun keltirilayotgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar darajasi fan-texnika taraqqiyoti yutuqlariga tezkor va munosib ravishda eʼtibor qaratish zarurligini hamda chaqiruvgacha boʻlgan yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, unda mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha burch tuygʻusini shakllantirish borasidagi tadbirlar lozim darajada olib borilmayapti.
Sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator kamchiliklar mavjud, xususan:
sportning mazkur turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning puxta tizimi yoʻlga qoʻyilmagan;
sport kadrlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimi joriy etilmagan;
terma jamoalarni tayyorlash va musobaqalar oʻtkazish uchun sport infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi yetarli darajada rivojlanmagan;
aholi, ayniqsa, yosh avlod oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmayapti.
Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha va fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga sifatli tayyorlashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha faoliyatni takomillashtirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan 1-ilovaga muvofiq taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda mulk qilib davlatga begʻaraz berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnika bazasi bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib olsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda – mudofaa ishlari boshqarmalari) huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazlarini (keyingi oʻrinlarda – Markazlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Markazga Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;
Markaz direktori maqomi va mehnatga haq toʻlash (pul taʼminoti) sharoitlariga koʻra mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Markaz fuqaro xodimlarining ish haqi mudofaa ishlari boshqarmalarining fuqaro xodimlari uchun belgilangan tartib va meʼyorlarda toʻlanadi;
Markazlarning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
mudofaa ishlari boshqarmalari Markazlarda tayyorgarlikdan, qayta tayyorgarlikdan oʻtgan va malakasini oshirgan avtomototransport vositalari haydovchilarining, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarining hisobini yuritadi;
Markazlar faoliyati tashkil etilgunga qadar chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash amaldagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Quyidagilarga:
a) Markazlarga:
avtomototransport vositalarining haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmatlar koʻrsatish;
avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblarning boshqa mutaxassislarini tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalarining oʻquv va moddiy-texnik bazasidan begʻaraz foydalanish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga Markazlarning pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish, keyinchalik ular boʻyicha toʻlangan foizlardan:
yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash faoliyatini amalga oshirish uchun;
Markazlarning hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining moddiy-texnik bazasini qurish, taʼmirlash, mustahkamlash va rivojlantirish uchun foydalanishga ruxsat berilsin.
5. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti (keyingi oʻrinlarda – “Vatanparvar” MKT) faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
yoshlar va fuqarolarni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʻularini singdirish;
sportning texnik va amaliy turlari rivojlantirilishi va ommalashtirilishini taʼminlash, sport tashkilotlari va jamoalari faoliyatiga koʻmaklashish;
bolalar, oʻsmirlar va chaqiruvgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish va oʻtkazish;
yoshlar va fuqarolarni mudofaa sohasidagi boshlangʻich bilimlarga oʻqitishda va ularni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat hokimiyati organlariga koʻmaklashish;
avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
shunday yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ–3898-son qarori bilan tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy komissiyalari zimmasiga:
“Vatanparvar” MKTga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda unga yaqindan koʻmaklashish;
yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlar samaradorligini oʻrganish, mavjud muammolarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish majburiyati yuklansin.
7. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash sohasidagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda –“Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Vatanparvar” MKT bilan birgalikda:
yoshlar orasida ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga masʼuliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuygʻularini tarbiyalash, mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha yuksak burch tuygʻusini shakllantirish borasidagi ishlarni kuchaytirsin;
yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan turli sport va boshqa tadbirlarni, festivallar va tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazishni kengaytirsin;
zamon talablarini hisobga olgan holda sogʻlom turmush tarzini targʻib etish hamda yoshlar va fuqarolarda yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirsin.
9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy bazasini takomillashtirish;
sportning texnik va amaliy turlari murabbiylari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish;
milliy va xalqaro musobaqalarning gʻolib va sovrindorlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, sportning texnik va amaliy turlari murabbiylari va mutaxassislarini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish;
sportning texnik va amaliy turlarining zamonaviy moddiy-texnik va oʻquv-mashq bazasini yaratish, shuningdek, sport anjomlari va uskunalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etish;
sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish, yoshlarni seksiyalar va toʻgaraklarga faol jalb etish, ularning ommabopligini taʼminlash;
sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishga innovatsion texnologiyalarni, shuningdek, sportchilarni tayyorlashning oʻquv-mashq jarayoniga ilgʻor uslublarni joriy etish.
10. Belgilansinki, “Vatanparvar” MKT huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha yuqori malakali sportchilarni tayyorlaydigan muassasa hisoblanib, quyidagi vazifalarni bajaradi:
sportning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish uchun zarur sport koʻnikmalariga ega iqtidorli va istiqbolli bolalarni sinchkovlik bilan tanlab olish, ularda tanlangan sport turi boʻyicha qobiliyatni, sport salohiyatini, kasbiy koʻnikma va mahoratni rivojlantirish;
respublikaning terma jamoalari uchun sport zaxirasi va yuqori toifali sportchilarni tayyorlash boʻyicha eng yangi ilmiy-metodik tavsiyalar hamda yutuqlar asosida oʻquv-mashq jarayonini samarali tashkil etish va amalga oshirish;
sport zaxirasi va yuqori toifali sportchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini tashkil etish uchun zamonaviy infratuzilmani tashkil etish hamda malakali murabbiylar tarkibini shakllantirish;
sportchilar va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirish sohasida muntazam asosda tajriba almashishni tashkil etish orqali xorijiy sport muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari ikki oy muddatda “Vatanparvar” MKTning texnik va amaliy sport turlari hududiy markazlari faoliyatini tashkil etish uchun boʻsh yotgan binolarning tekin foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga umumiy qabul kvotalari doirasida sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash uchun kvotalar koʻzda tutiladi;
avtomobil va mototsikl sporti, sportning aviamodel va raketamodel turlari hamda olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha respublika musobaqalarida birinchi, xalqaro musobaqalarda (Olimpiya oʻyinlari, Osiyo oʻyinlari, jahon chempionati va Osiyo chempionatida) birinchi, ikkinchi, uchinchi oʻrinlarni egallagan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablarining bitiruvchilari tegishli oliy taʼlim muassasalariga taʼlimning ushbu sohadagi yoʻnalishlariga umumiy qabul kvotalari doirasida test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida shartnoma asosida sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha sport tashkilotlarining seksiya va toʻgaraklari mutaxassislari va oʻqituvchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, “Vatanparvar” MKT va Oʻzbekiston Parashyut sporti federatsiyasining parashyut sporti boʻyicha sport seksiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Parashyut sporti federatsiyasi va “Vatanparvar” MKT bilan birgalikda:
mamlakatda parashyut sportini rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlash va ommalashtirish, fuqarolarning mazkur sport turiga qiziqishini shakllantirish choralarini koʻrsin;
parashyut sporti boʻyicha sport seksiyalarining aviatsiya va havo-desant komplekslari, parashyut tizimlari, anjomlar va trenajerlar bilan, shuningdek, oʻquv-metodik va koʻrgazmali qurollar bilan jihozlanishini taʼminlasin;
“Vatanparvar” MKT markazlari va taʼlim muassasalari negizida fuqaro yoshlarni “parashyutchi” mutaxassisligi boʻyicha tayyorlashni tashkil etsin.
16. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Vatanparvar” MKT bilan birgalikda bir oy muddatda sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirishning media-rejasini tasdiqlasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
mashhur sportchilar, murabbiylar va mutaxassislar ishtirokida telekoʻrsatuvlar tayyorlash va namoyish etish, shuningdek, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantiruvchi sport federatsiyalari (uyushmalari) va tashkilotlarining faoliyatini yoritish;
sotsiologik soʻrovlar va tadqiqotlar, reklama kampaniyalari va ijtimoiy roliklar namoyishini oʻtkazish;
teleradiokanallarda, jumladan, mavzu boʻyicha studiyadagi va sayyor turkum telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar, tok-shou koʻrsatuvlari orqali sportning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish masalalari boʻyicha keng tushuntirish ishlarini tashkil etish;
ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmogʻida axborot materiallarini joylashtirish;
sportning texnik va amaliy turlari bilan faol shugʻullanishga aholini jalb etish uchun parklar, ommaviy dam olish joylari, soʻqmoqlar, trassa va yoʻlaklar imkoniyatlaridan foydalanish.
17. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosariA.A.Abduxakimovga – yuklangan vazifalarning lozim darajada bajarilishi boʻyicha vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu qarorning bajarilishini muntazam koʻrib chiqish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri A.A.Azizovga –chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklarga tayyorlash markazlari faoliyatini lozim darajada tashkil etish va mamlakatda parashyut sportini rivojlantirish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X.Nabiyevga – sportning texnik va amaliy turlari rivojlantirilishini lozim darajada muvofiqlashtirish, sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlash, shuningdek, sport uskunalari va anjomlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmaklashish yuzasidan;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga – ushbu “Yoʻl xaritasi” va Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha inshootlarning uzluksiz ishlashini taʼminlash, ulardan samarali foydalanish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va lozim darajada jihozlash yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun, shu jumladan:
Markazlarning oʻquv muassasalari, avtodromlari, oʻquv va moddiy-texnik bazasini taʼminlash va rivojlantirishga;
“Vatanparvar” MKT huzuridagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazining alohida shtat birliklarini taʼminlash boʻyicha xarajatlarni, shuningdek, bu bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni moliyalashtirishga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 12 dekabr