Mamlakatimiz rahbarining 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning oktyabr oyida “Taraqqiyot” respublika tanlovida ishtirok etuvchilar uchun maxsus
web-portalda onlayn roʻyxatdan oʻtish bosqichi tashkil etildi.
Roʻyxatdan oʻtish jarayonida Respublikamiz boʻyicha 8335 nafar ishtirokchi mazkur tanlovda qatnashish uchun soʻrovnoma toʻldirdi.
1-20 noyabr kunlari ishtirokchilarning soʻrovnomalari tanlov nominatsiyalar boʻyicha shakllantirilgan ishchi guruhlar tomonidan oʻrganib chiqildi, natijada 4509 nafar ishtirokchi tanlovda qatnashish uchun belgilangan talablariga javob bermasligi aniqlandi, 3825 nafar ishtirokchi tanlovda ishtirok etishga tavsiya etildi.
25-30 noyabr kunlari tanlovning 1-bosqich onlayn test sinovi oʻtkazildi, unda 3825 nafar ishtirokchidan 3299 nafari qatnashdi. 1 dekabr kuni tanlov komissiyalar tomonidan 1-bosqich onlayn test sinovi natijalari tahlil qilgan holda har bir nominatsiya boʻyicha navbatdagi bosqichga oʻtish ballari belgilandi, unga muvofiq 2455 nafar ishtirokchi 2-bosqich onlayn test sinovida qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi.
2-5 dekabr kunlari tanlovning 2-bosqich onlayn test sinovi oʻtkazildi, unda 2455 nafar ishtirokchidan 2363 nafari qatnashdi. 6 dekabr kuni tanlov komissiyalar tomonidan 2-bosqich onlayn test sinovi natijalari tahlil qilgan holda har bir nominatsiya boʻyicha navbatdagi bosqichga oʻtish ballari belgilandi, unga koʻra 1356 nafar ishtirokchi tanlovning navbatdagi bosqichida (yozma axborot-tahliliy hujjat tayyorlash) qatnashishga tavsiya etildi. Keyingi bosqichga tavsiya etilgan ishtirokchilar roʻyxatini maxsus veb-portalda (https://taraqqiyot-tanlov.uz/results-3) koʻrish mumkin.
Joriy yilning 16 dekabr kuni soat 9.00 da tanlovning axborot-tahliliy hujjat tayyorlash bosqichi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbir oltita hudud(Urganch, Qarshi, Samarqand, Guliston, Fargʻona, Toshkent)ning oliy taʼlim muassasalarida oʻtkaziladi. Ishtirokchilar tegishli hududlar boʻyicha guruhlarga taqsimlanadi. Bu haqida batafsil maʼlumotlar bilan maxsus
web-portal ning “Yangiliklar” qismida tanishib borish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA