O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ishchi guruh tomonidan qonunlar muhokama etildi
2018-12-11 | Siyosat
2018 yil 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n yettinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, Qonunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda yuridik shaxslarining huquqlari va manfaatlarini xorijiy mamlakatlarda himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik hamda do‘stona munosabatlarini rivojlantirishga, iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalarni va boshqa aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish konsullik muassasalarining asosiy vazifalari sifatida mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va ularni tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani ta’kidlandi.
Ishchi guruh a’zolari muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.