O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi
2018-12-10 | Siyosat
2018 yil 10 dekabr O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni urug‘chilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirishga, urug‘liklar eksporti uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, urug‘chilik sohasidagi sub'yektlar huquqlari va majburiyatlarini belgilashga qaratilgan.
Qonunda investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni, infratuzilmalar va servis xizmatlarini, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishni va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etishni, urug‘liklarni ko‘paytirish va iste’molchilarni ular bilan ta’minlashning samarali tizimini yaratishni nazarda tutuvchi urug‘chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh yig‘ilishida “Qishloq xo‘jaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 9 oktyabrdagi Farmoniga hamda “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq Qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Yer kodeksi va Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.