O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSh delegatsiyasi bilan uchrashuv
2018-12-10 | Siyosat
2018-yilning 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining Afg‘onistondagi yarashish bo‘yicha Maxsus vakili Zalmay Xalilzod boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Suhbatda AQSh Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari, Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktor Liza Kortis ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston – Amerika kun tartibining keng qamrovli masalalari hamda mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida AQShga qilgan tashrifi va Prezident Donald Tramp bilan muzokaralari natijasida yangicha sur’at olgan ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishning istiqbollari muhokamasi chog‘ida muammoni harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmasligi yana bir bor tasdiqlandi. Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi va uning yakunida qabul qilingan Afg‘onistondagi tinchlik jarayonining asosiy tamoyillari borasidagi Deklaratsiyaning muhim ahamiyati qayd etildi.
Hech bir afg‘on ushbu siyosiy jarayonidan chetda qolib ketmasligi kerak. Dunyo hamjamiyati butun afg‘on jamiyatining mamlakatdagi tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi umummilliy manfaatlar artofida jipslashishiga ko‘maklashishi kerak.
Shu nuqtayi nazardan Prezident Muhammad Ashraf G‘anining yaqinda Jenevada ilgari surgan “Afg‘oniston uchun tinchlik dasturi” qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda Afg‘onistonda yirik infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarni bunyod etishning amaliy jihatlari ham ko‘rib chiqildi.