Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida “Fuqarolar uchun byudjet 2019” mavzusidagi tadbir davomida mutaxassislar byudjet masalalariga oid maʼruzalar oʻqib, taqdimotlar oʻtkazmoqda. Oʻzbekistonda 2019 yildan boshlab, fuqarolarning byudjet taqsimotidagi ishtirokini taʼminlash mexanizmlari joriy etiladi. Unga koʻra, shahar va tumanlar byudjetlarining eng kamida 10 foizlik qoʻshimcha manbalari jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.
Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori muhim ahamiyat kasb etadi.
2019 yil 1 yanvardan manzilli byudjet xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun “Ochiq byudjet” portalini ishga tushirish moʻljallangan. Unda davlat byudjeti, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, byudjet ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar va Hisob palatasi xulosalari eʼlon qilinadi.
Fuqarolar portal orqali byudjet qonunchiligi buzilayotganligi haqidagi xabarlarni, byudjet jarayonini takomillashtirish boʻyicha takliflarini yuborishi mumkin.