O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yosh shaxmatchilarimiz toj bilan qaytdi
2018-12-04 | Sport
24-noyabr – 3-dekabr kunlari Turkiyaning Koʻniya shahrida 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Jahon shaxmat olimpiadasida gʻolib chiqqan Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yosh iqtidor egalari tantanali kutib olindi. Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbariyati, olimpiada gʻoliblarining yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Jahon shaxmat olimpiadasida dunyoning 39 mamlakatidan 46 jamoa tarkibida 222 nafar yigit-qiz ishtirok etdi. Musobaqada jamoalarjami 9 turdagʻoliblik uchun kurash olib bordi.
Oʻzbekiston sharafini xalqaro grossmeyster murabbiy Saidali Yoʻldoshev rahbarligidagi shaxmatchilarimiz munosib himoya qildi.
Xususan, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada eng kuchli sportchilar bilan dona surib, 9 imkoniyatdan 5,5 ochko jamgʻardi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Nodirbek Yoqubboyev ikkinchi taxtada 9 imkoniyatdan 8 ochko jamgʻarib, oʻz taxtasida oltin medalga sazovor boʻldi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Javohir Sindorov uchinchi taxtada 7 imkoniyatdan 4,5 ochko jamgʻardi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Shamsiddin Vohidov 8 imkoniyatdan 7,5 ochko jamgʻarib, toʻrtinchi taxtada oltin medalni qoʻlga kiritdi. Sport ustaligiga nomzod Sitora Saparova 3 imkoniyatdan 1 ochko jamgʻardi.
Olimpiadada shaxmatchilarimiz Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha va Moldova kabi mamlakatlarning kuchli terma jamoalarini magʻlubiyatga uchratdi. Faqat AQSH terma jamoasiga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi, yakunda 9 imkoniyatdan 8 ochko jamgʻarib, olimpiada gʻolibiga aylandi. Ikkinchi oʻrinni 7 gʻalaba 2 ta magʻlubiyat qayd etgan hindistonlik oʻsmirlar qoʻlga kiritdi. Uchinchi oʻrin xitoylik sportchilarga nasib etdi.
Xalqaro grossmeysterlar va xalqaro toifadagi sport ustalaridan iborat musobaqa favoritlari hisoblangan Rossiya, Eron, Ozarbayjon, AQSH va Armaniston vakillari quyiroqdan joy oldi.
Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Jahon shaxmat olimpiadasi tarixida ilk bor shunday natijaga erishdi. Bu yurtimizda sportni ommalashtirish, jumladan, shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar samarasidir.