O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonning madaniy merosi jahon toʻplamlarida
2018-12-04 | Madaniyat
Joriy yilning 10-11 dekabr kunlari poytaxtimizda “Oʻzbekistonning madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining 2018-yil yakunlari va 2019-yil “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga bagʻishlangan xalqaro multimedia forumi boʻlib oʻtadi.
Unda mamlakatimiz olimlari va xorijlik olimlar, davlat hokimiyati organlari vakillari, madaniyat va sanʼat arboblari, turistik kompaniyalar vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari, media tuzilmalar rahbarlari, blogerlar, kinorejissyorlar va prodyuserlar, ijodiy guruhlar ishtiroki kutilmoqda.
Shu munosabat bilan “Sevimli TV” kanali binosida oʻtkazilgan matbuot anjumanida mazkur nufuzli xalqaro tadbirning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, akademik E.Rtveladze va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar barcha yoʻnalishlar qatorida madaniyat va sanʼatimizning yanada ravnaq ettirish hamda tariximizni qayta oʻrganishga keng yoʻl ochib berganini taʼkidladi.
Qayd etish kerakki, ushbu loyiha Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va bir qator milliy hamda xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Media-xoll” majmuasida boʻlib oʻtadigan forum ilmiy va madaniy qismlarni oʻz ichiga oladi. Ayniqsa, dunyoga mashhur olim, tarix fanlari doktori, sankt-peterburglik Efim Rezvanning Oʻzbekiston hududiga tegishli dunyoning 114 ta Qurʼoni Karim haqidagi qiziqarli maʼlumotlari, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr tajribasi ishtirokchilarga manzur boʻladi.
Shuningdek, akademik E.Rtveladzening “Buyuk Hind yoʻli”. “Oʻzbekistonning 100 mashhur qoʻlyozma yodgorliklari” loyihasi, “Rossiya – Kultura” telekanalining “OʻzEOAVMA” bilan birgalikdagi “Oʻzbekiston. Sevgi haqida afsonalar” toʻrt seriyali hujjatli filmi hamda Germaniya kinokompaniyasi tomonidan “Oʻzbekistonning buyuk faylasuflari” filmini suratga olish boʻyicha loyihasiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etiladi.
Forum doirasida “Zamonaviy dunyodagi madaniy meros: saqlash va ommalashtirish” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining doimiy koʻrgazmasi ochilishi kabi bir qator tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Yana bir eʼtiborli jihati, mazkur forum ishtirokchilar uchun joriy yilda nashrga tayyorlangan 10 ta albom bilan tanishish imkonini beradi.
Yakunda forum natijalari boʻyicha Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati faoliyatining 2019-yil uchun “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.
Forum doirasida tashkil etiladigan ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivalida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantiriladi.
Matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov soʻzga chiqdi.