O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shvetsiyaning “TV 4” telekanali muxbiri Tereza Kristiansson Ichki ishlar vazirligiga tashrif buyurdi
2018-12-04 | Jamiyat
Bugungi kunda xalqaro hamkorliklar doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlarga katta qiziqish bilan qaramoqdalar. Shuningdek, Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalasi, shu jumladan, xavfsizlikni taʼminlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar ham xorijliklar diqqatidadir.
Shu kunlarda Shvetsiyaning “TV 4” telekanali muxbiri Tereza Kristianssonning mamlakatimizga tashrifidan ham koʻzlangan maqsad aynan yurtimizda bu borada amalga oshirilgan ishlarni yoritishdir.
Bugun IIVda muxbir Tereza Kristiansson bilan vazirlik Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Qutbidin Burxonov hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi masʼul xodimi Dilmurod Muxitdinovlar ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Q. Burxonov mamlakatimizda ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar, tizimda oʻtkazilgan islohotlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Shuningdek, D. Muxitdinov adashib turli ektremistik oqimlarga kirib qolgan fuqarolarimizni bir qanchasi afv etilgani va ular maxsus roʻyxatdan chiqarilib, sogʻlom turmush kechirishlari uchun munosib sharoitlar bilan taʼminlanganini qayd qildi.
Uchrashuvdan soʻng Tereza Kristiansson ilgari chet mamlakatlardagi harbiy toʻqnashuvlarda qatnashib, yurtimizga qaytarilgan fuqarolarimiz bilan suhbatlashdi. Tashrif doirasida mehmonlar respublikamizning boshqa soha vakillari bilan uchrashishlari rejalashtirilgan.