2018 yilda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 9 ming 240 dan ziyod qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilgan
“Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida joriy yil sarhisobi, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi istiqbollari, 2019 yilga belgilangan rejalar bayoniga bagʻishlab matbuot anjumani oʻtkazdi.
2018 yilda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 9 ming 240 dan ziyod qishloq xoʻjaligi texnikasi, jumladan, 3 ming 123 traktor, 379 pritsep, 1 ming 104 ishlov berish texnikasi, 672 paxta va 239 gʻalla seyalkasi, 556 paxta va gʻalla oʻrish kombayni, 1074 paxta kultivatori va boshqa texnikalar ishlab chiqarilgan.
Qishloq xoʻjaligi texnikalari qoʻshni mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda. Birgina Turkmanistonga paxta, koʻrak terish mashinalari, kultivator, ventilyatorli purkagichlar yetkazib berilmoqda.
“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ ishlab chiqarilayotgan texnikalarni 30-40 foizgacha mahalliylashtirish boʻyicha jadal ishlarni yoʻlga qoʻygan. Shu asosda koʻzlangan maqsadni 3-4 yil ichida amalga oshirish boʻyicha mahalliylashtirishning 3 fazali dasturi qabul qilingan.
Matbuot anjumanida xalqaro talablarga javob beradigan metall buyumlarning zamonaviy quyuvini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi texnikalari va avtomashinalar uchun gʻildirak poʻlat disklarni ishlab chiqarish, barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarida foydalaniladigan transmissiya vallari va shesternyalarini oʻzlashtirish, oʻziyurar qishloq xoʻjaligi texnikalariga kabinalarni ishlab chiqarishni kengaytirish jarayoni haqida maʼlumot berildi.
Matbuot anjumanida “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tarkibida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy traktorlar hamda qishloq xoʻjaligi texnikalarining yangilangan narxi haqida rasmiy maʼlumot berildi.
“Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yilning 3 dekabridan 2019 yilning 31 yanvariga qadar aksiya eʼlon qilindi. Unda tizim korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan “TTZ LS 100-HC” va “TTZ LS I-38” rusumli texnikalaridan bitta va undan ortiq sotib olgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari mazkur aksiyada ishtirok etib, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan “SPARK”, “NEXIA-3” va “COBALT” avtomobillaridan birining sohibiga aylanishi mumkin.
B.Meliqulova, OʻzA