O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sogʻliqni saqlash vazirligi: patronaj xizmatida uch bosqichli yangi tizim joriy etildi

2018-11-29 | Sog‘liqni saqlash

Joriy yil 9-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida tibbiyot tizimidagi islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida, shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2018-yil 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi asnosida tibbiyot xodimlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda sohadagi dolzarb masalalarga yana bir karra eʼtibor qaratilib, jumladan, patronaj xizmatini manzilli yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.

Shundan kelib chiqqan holda Sogʻliqni saqlash vazirligida aholini, xususan, qishloq joylarda patronaj qamrovi sifatini yanada yaxshilash, dispanserizatsiya ishlarini davr talabi darajasida tashkil etish, aholining barcha qatlamiga hamshiralik yordamini samarali koʻrsatish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish kabi ishlarning yangicha mezon va taʼsirchan usullarini joriy etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham qator dolzarb vazifalar muhokama etildi.

– Tibbiy patronaj xizmati inson salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va xalqimiz salomatligini muhofazalashda muhim oʻrin tutadi, – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari E.Bositxonova. – Ushbu yoʻnalishda ishlar talab darajasida yoʻlga qoʻyilsa, jamiyatdagi koʻplab tibbiy-ijtimoiy muammolarning oldi olinadi. Xususan, ona va bola oʻlimining oldini olish, kasalliklarni keskin kamaytirish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda sezilarli natijalarga erishiladi. Shu bois, patronaj xizmatini ana shunday muhim mezonlardan kelib chiqib, yangi bosqichga koʻtarish rejasini ishlab chiqdik.

Unga koʻra, endilikda patronaj ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda aholi har olti oyda xatlovdan oʻtkaziladi. Unda aholi orasida patronaj koʻmagiga ehtiyojmand qatlam aniqlab olinadi. Ikkinchi bosqichda patronaj hamshira, umumiy amaliyot shifokori va tor mutaxassislar ishtirokida aholi xonadonida maqsadli patronaj tadbirlari tashkil etiladi. Unda patronaj parvarishga muhtoj yolgʻiz qariyalar, nogironlar va oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, 1 yoshgacha va nogiron bolalar, homiladorlar, yangi tuqqan onalar patronaj bilan qamrab olinadi. Maqsadli patronaj har haftada, belgilangan reja asosida tashkil etiladi.

Uchinchi bosqichdagi patronaj tadbirlarini tashkil etishda birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi xodimlariga viloyat va respublika miqyosidagi davolash muassasalari va ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlar olimlari yaqindan koʻmak beradi. Bu tadbir endilikda har oyda tashkil etilib, ushbu jarayonda surunkali kasallikka chalingan, ixtisoslashgan tibbiy koʻmakka muhtoj bemorlar qamrab olinadi. Bemorlarni kasalligiga qarab ambulator yoki statsionar sharoitda tuman, viloyat hamda respublika muassasalarida davolash choralari koʻriladi.

Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligida va hududiy tibbiyot muassasalarida yangi tartibdagi patronaj ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish va tizimli monitoring qilish maqsadida maxsus ishchi guruhi shakllantirilib, izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Поделиться