O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi BMTTD bilan qoʻshma loyiha doirasida korrupsiyaga qarshi kurash sohasida ilgʻor tajribalarni oʻrganmoqda
2018-11-29 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi vakillaridan iborat qoʻshma delegatsiya Singapur va Koreya Respublikasiga joʻnab ketdi.
Asosiy maqsad — davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizasi, davlat organlari faoliyati samaradorligini tahlil qilish sohasida xorijiy tajribani oʻrganishdan iborat. Tashrif chogʻida Singapurning korrupsion amaliyot tergovlari byurosi va Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqi komissiyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni nazarda tutilmoqda.
Safar — Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va mamlakatimizdagi BMTTD vakolatxonasining qoʻshma tashabbusi “Oʻzbekistondagi samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurash” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: sakkiz million AQSH dollari qiymatiga ega uch yilga moʻljallangan “Oʻzbekistondagi samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurash” loyiha korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha keng koʻlamli kompleks chora-tadbir hisoblanib, deyarli barcha sohani qamrab oladi. Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida bilim va koʻnikmalarini takomillashtirish boʻyicha davlat xizmatchilarini tayyorlashning innovatsion metodikalarini ishlab chiqish va qoʻllash, xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi ilgʻor tajribasini oʻrganish uchun stajirovkalarni tashkil etish va Oʻzbekiston tashkilotlari faoliyatida egallangan koʻnikmalarni kelgusida implementatsiya qilish kabi yoʻnalishlar hamkorlik yoʻnalishlari sifatida belgilab olindi.
Joriy yilning 27 noyabrida delegatsiya Singapurda qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Singapur, Koreya Respublikasi, Malayziya, Gonkong, Indoneziya va boshqa mamlakatlarning korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha organlar xodimlari ishtirokida trening boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Respublikamizda Harakatlar strategiyasi doirasida koʻrilayotgan antikorrupsion chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim qilishdi. Xususan, korrupsiyaga qarshi monitoring, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ekspertizasi, aholi oʻrtasida korrupsiyaga qarshi targʻibot toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletov mamlakatimiz hukumati korrupsiyaning barcha shakllarini hokimiyatning turli darajalarida namoyon boʻlishiga qarshi kurash va oldini olish borasida olib borilayotgan islohotlar, bu illatga qarshi kurashish davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishishning asosiy sharti ekanligini qayd etdi. Delegatsiya milliy antikorrupsion dasturlarni samarali olib borish uchun eng yaxshi global bilimlar va ilgʻor tajribani oʻrganishga qiziqayotganligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Singapurning davlat xizmatlarini taqdim qilish markazi, notarial idoralar faoliyati ham yaqindan tanishishdi. Bu boradagi tajribalar oʻzaro almashindi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston delegatsiyasining bu ikki mamlakatga tashrifi joriy yilning 30-noyabriga qadar davom etadi.