O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid
2018-11-29 | Jamiyat
Bugungi “Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusidagi seminar Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunida, 2017-2018-yillarga moʻljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturi doirasida, hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining 4-sonli yigʻilish bayonida belgilangan vazifalarning samarali ijrosini, shuningdek, davlat va jamiyat hayoti faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida olib borildi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan aniq tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun sohadagi huquqiy munosabatlarni toʻliq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatlidir.
“Korrupsiya – milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusidagi seminarda Moliya vaziri oʻrinbosari- Gʻaznachilik boshligʻi D.Sh. Sultanov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qoʻmita raisining oʻrinbosari O.K. Iminov, Oʻzbekiston XDP Markaziy kengashi raisining oʻrinbosari U.N. Vafoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi prokurori S.O. Urazboyevlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Ular tomonidan byudjet ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiya holatlarini aniqlash va oʻz vaqtida uning omillarini bartaraf etish masalalari koʻrib chiqildi. Bugungi tadbir davomida koʻrilgan masalalar tizim xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlab, chek qoʻyish hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va oqibatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Seminar yakunida qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.