O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro festival yuksak saviyada oʻtadi
2018-11-29 | Madaniyat
Termizda 2019-yil 5-10 aprel kunlari boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan viloyat ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Prezidentimizning joriy yil 1-noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda baxshichilik va dostonchilik sanʼatini yangi bosqichda rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni jahonda keng tarannum etish, baxshi-shoirlar nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Joriy yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, festivalni tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Baxshichilik va dostonchilik sanʼatini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining xalqimiz madaniyati va sanʼatidagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirish masalalariga doir ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish belgilandi. Xorijiy va Oʻzbekiston baxshichilik sanʼati ustalarining yakka konsertlari, baxshi-shoir, oqin va jirovlar, folklor jamoalarining Xalqaro koʻrik-tanlovi va sayillar tashkil etish, mashhur ajdodlarimiz hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dasturlar, baxshichilik sanʼati tarixiga oid koʻrgazmalar, oʻzbek, arab, fors, ingliz, rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari, ilmiy-maʼrifiy adabiyotlar namoyishiga alohida oʻrin ajratildi. Xalqaro koʻrik-tanlov shartlari belgilab berildi.
– Azaldan baxshi-shoirlarga beshik boʻlib kelayotgan Surxon vohasi markazida har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish belgilangani xalqimizda oʻz tarixidan gʻurur-iftixor tuygʻusini yanada oshirdi. Bu baxshi-shoirlarning asriy orzusi edi, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari, tashkiliy ishchi guruh rahbari R.Choriyev.– Festivalga puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha viloyat hokimining qarori qabul qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tuzilib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berildi. Sayyoramizning turli davlatlaridan keladigan mehmonlarni munosib kutib olish va festivalni yuqori saviyada oʻtkazishga tayyorgarlik ishlari ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi asosida boshlab yuborildi.
Yigʻilishda yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.