O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident maxsus-taktik mashqlarni kuzatdi
2018-11-28 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Chirchiq dala oʻquv maydonida yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirilgan boʻlinmalarning maxsus-taktik mashqlarini kuzatdi.
Maʼlumki, Mudofaa vazirligi harbiy qismlarining jangovar tayyorgarligini kompleks tekshirish maqsadida 26-noyabr tongda “Trevoga!” signali berilgandi. Shu paytgacha mamlakatimiz armiyasida bunday keng koʻlamli toʻsatdan tekshiruv oʻtkazilmagandi.
Signaldan soʻng Mudofaa vazirligi markaziy apparati, barcha harbiy okrug va boʻlinmalarda zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Harbiy poligonlarda bir nechta maxsus-taktik mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Chirchiq dala oʻquv maydonida oʻtkazilgan mashgʻulotlarda havo-desantchilari, artilleriyachilar, motooʻqchilar, tankchilar, maxsus operatsiya kuchlari hamda Harbiy havo kuchlari boʻlinmalari qatnashdi.
Shartli dushman bazalariga va u joylashgan hududlarga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy havo kuchlari tarkibidagi qiruvchi samolyotlar va vertolyotlardan zarbalar berildi.
Shundan keyin jang maydonida zirhli qalqon tankchilar boʻlinmasi paydo boʻldi. Ular tank biatlonida qoʻllaniladigan “Suvli toʻsiq”, “Eskarp” va “Tirsakli koʻprik”dan moxirona oʻtib, belgilangan marrani egalladi.
Mudofaa operatsiyasini olib borish jarayonida, shartli ogʻir yaralangan harbiy xizmatchilarni jang maydonidan olib chiqish, vertolyotda evakuatsiya qilish jarayoni namoyish etildi.
Zamonaviy jangovar vertolyotlar shaxsiy tarkibni belgilangan hududga desantlashtirdi. Parashyut-desant bataloni xizmatchilari marralar oraligʻidan suqulib kirgan shartli dushmanni umumqoʻshin zaxira kuch va vositalari bilan yakson qilish vazifasini muvaffaqiyatli bajardi.
Maxsus-taktik mashgʻulotlar harbiylarimizning yuksak professional mahoratini, yuqori jangovar shayligini, bir tanu bir jon boʻlib harakatlanishini namoyon etdi.
Mashgʻulotlarni harbiy-maʼmuriy sektorlar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham kuzatib bordi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poligon yonidagi harbiy qismda yaratilgan sharoitlarni, qurol-aslaha va texnikalarni koʻzdan kechirdi. Mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlardan maqsad mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash, xalqimiz tinchligini taʼminlash ekanini taʼkidladi.
Vatanparvarligi, professionalligi bilan alohida namuna koʻrsatgan polkovnik Qodir Tursunovga avtomashina, harbiy xizmatchilarga planshetlar sovgʻa qilindi.
Shu yerda harbiy-maʼmuriy sektorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari bilan yigʻilish oʻtkazildi.