O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Prezidenti BMT sobiq Bosh kotibini qabul qildi

2018-11-27 | Siyosat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qoʻmitasining Etika boʻyicha komissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi. 

Pan Gi Mun Nukusda boʻlib oʻtgan Orolboʻyi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash masalalari hamda bu jarayonda koreys diasporasining roliga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, uning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jumladan, zamonaviy global tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishishdagi katta xizmatlarini alohida taʼkidladi. 

Pan Gi Munning xalqaro hamjamiyat eʼtiborini Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga qaratishga qoʻshgan shaxsiy hissasi yuksak baholandi. 

BMT Bosh kotibi lavozimida u Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Orolboʻyidagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi tashabbus va takliflarini faol qoʻllab-quvvatladi. 

Uchrashuvda Orol dengizi mintaqasida ustuvor loyihalarni amalga oshirishda xalqaro institutlar va tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashildi. Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan koʻp sonli koreys diasporasining xalqlarimiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga hissa qoʻshayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Pan Gi Mun davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga toʻla mos boʻlgan 2021-yilgacha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi. 

Oʻzbekistonning Orolboʻyida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, ekologik muammolarni bartaraf etish, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirishga xizmat qilayotgan 2018-2021 yillarda Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturi doirasida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari alohida qayd etildi. 

Davlatimiz rahbarining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi trast jamgʻarmasini va Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etishga oid takliflari toʻliq qoʻllab-quvvatlandi. 

Pan Gi Mun bundan buyon ham Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga faol koʻmaklashishga, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanini taʼkidladi. 

Поделиться